O`zbekistonning ayrim aeroportlari Rossiyaning «Novaport» kompaniyasiga topshirilishi haqida xabar berilgan edi — 2019 yil may oyida imzolangan hadli bitimga muvofiq, shirkat Samarqand, Namangan va Urganchdagi aeroportlarni modernizasiya qilishga kirishishi kerak edi.
Reja bo`yicha birinchi bo`lib Samarqand aeroporti rekonstruksiyadan chiqarilishi kerak: 2022 yilda shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qiladi, bu Samarqandning possovet davrida qabul qilgan birinchi eng yirik tadbiri bo`ladi.
Soha mutaxassislarining ta`kidlashicha, rekonstruksiya ishlari uchun qo`yilgan muddat «juda qisqa». Namangan va Urganch aeroportlari modernizasiyasi uchun ko`proq — taxminan besh yildan vaqt ajratilgan.
Ushbu loyihalarda rossiyalik investorning ishtirok etishi MDHdagi xususiy egasi yoki investori yo`q, biroq samaradorligi yuqori so`nggi infratuzilmaviy aktivlardan biri — Toshkent aeroporti boshqaruvini qo`lga kiritish yo`lidagi ilk qadamlardan biri sifatida ko`rilayotgan edi.
Biroq, Rossiyaning «Kommersant`» nashri ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekiston hukumati va «Novaport» o`rtasidagi muzokaralar boshi berk ko`chaga kirib qolgan. Hukumat ushbu aeroportlarni investor so`rayotganidek 30 yil muddatga konsessiyaga berishga tayyor emas.
«Kommersant`»ning yozishicha, O`zbekiston hukumati boshqa investor izlash ishlarini allaqachon boshlab yuborgan, xususan, dekabr boshida Yaponiyaning Sumitomo korporasiyasi bilan uchrashuv o`tkazilgan.
Spot ma`lumotlariga ko`ra, bunda gap O`zbekiston investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovning 3 dekabr kuni Sumitomo Corporation rahbariyati bilan bo`lib o`tgan uchrashuvi haqida bormoqda.
Ushbu uchrashuvda haqiqatan ham mintaqaviy aeroportlarni modernizasiya qilish va ularni boshqarish, sanoat va transport-logistika infratuzilma ob`ektlarini tashkil etish bo`yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlari ko`rib chiqilgan.
«Kommersant`»ning yozishicha, «Novaport» hali muzokaralardan chiqqani yo`q va O`zbekistondagi aktivlarga hamon qiziqish bildirmoqda. Nashrning muzokaralar jarayonidan boxabar manbasi bergan ma`lumotlarga ko`ra, «Novaport» va O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi o`rtasidagi so`nggi uchrashuv taxminan ikki oy avval bo`lib o`tgan va konsessiya muddati haqidagi masalada to`xtab qolgan.
«Kommersant`» ma`lumotlariga ko`ra, «Novaport» O`zbekiston aeroportlarini 30 yildan ko`proq muddatga olishni xohlamoqda, O`zbekiston rasmiylari esa bunga mutlaqo qarshi.
«Novaport»ni nazorat qiluvchi AEON xoldingi egalaridan biri Roman Trosenkoning ta`kidlashicha, kompaniya O`zbekiston hukumati bilan muzokaralarni to`xtatmagan: «Aeroportlarga qiziqish hali ham bor. Ayni vaqtda mamlakat hukumati bu aktivlar bilan o`zi mumkin deb hisoblagan ishni qilishga haqli».
O`zbekiston aeroportlarini SSSR parchalanib ketganidan to 2018 yilga qadar — Prezident Shavkat Mirziyoev aviatashuvchini Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports’ga ajratish to`g`risidagi farmonni imzolagunicha, «O`zbekiston havo yo`llari» aviakompaniyasi tomonidan nazorat qilingan.
Uzbekistan Airports oktyabr oyida tashkil etilgan. Ochiq manbalardagi ma`lumotlarga ko`ra, Samarqand aeroportidagi yillik yo`lovchi oqimi 0,5 million kishini tashkil etadi. Namangan va Urganch aeroportlari bo`yicha ochiq manbalarda ma`lumot yo`q.
«VTB Kapital» eksperti Elena Saxanova Samarqand aeroportiga kiritilishi mumkin bo`lgan investisiyalar taxminiy hajmini 300—500 million dollarga baholamoqda. «Kommersant`» suhbatdoshlari O`zbekiston aeroportlariga kiritilishi kutilayotgan investisiya «Novaport»ning yirik loyihalari qatoriga kiritilgan, biroq aniq summa oshkor qilinmagan.
Aeroportlarning yapon kompaniyasiga berilishi ehtimoli haqida fikr bildirarkan, «Kommersant`»ning aeroport sohasidagi suhbatdoshlari yaponlarning ustunligi texnologiyalar va xalqaro kapitaldan foydalanish imkoni borligida bo`lishi mumkinligini qayd etib o`tdi.
Biroq, «Kommersant`» manbalaridan birining qayd etishicha, yapon korporasiyalari «sifatli ammo uzoq qurishadi, ular yopirilib ishlashga o`rganmagan», shu bois investisiya kiritishning shoshilinch muhlati va konsessiyaning qisqa muddatiga ularning ham rozi bo`lishi ehtimoli kam.
Elena Saxanovaning ta`kidlashicha, aeroportlarga kiritilgan investisiyalar odatda 10—15 yilda, yirik loyihalar esa 15—20 yilda va undan ko`proq muddatda o`zini oqlaydi. Shu jihatdan olib qaraganda, Saxanovaning fikricha, «Novaport» so`rayotgan muddat asoslidek ko`rinadi. Boshqa tomondan esa, Yaponiya tomonida texnologik jihatdan ustunlik bo`lishi mumkin.






