3 dekabr kuni O`zbekiston Milliy Axborot agentligi saytida “Din ishlari bo`yicha qo`mita fuqarolarni umra vizasini soxtalashtirayotgan turfirmalardan ogohlikka chaqirdi” nomli maqola taqdim etildi.
Ta`kidlash joizki, eng avvalo, mamlakatimizda ushbu jabhada yillar davomida yig`ilib qolgan va davom etib kelayotgan bu kabi muammoli masalalarni tizimli ravishda hal etish maqsadga muvofiq.
Jahon tajribasidan ma`lumki, ziyoratchilar uchun “Umra” safarlarini tashkil etish vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan talablar asosida xususiy sektor vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Birgina Turkiya (156 ta), Indoneziya (101 ta), Malayziya (71 ta) va qo`shni Qozog`iston (30 taga yaqin) mamlakatlarida qonunchilik bilan mustahkamlangan aniq tartib-taomil asosida turizm faoliyati sub`ektlari tomonidan “Umra” safarlari yuqori saviyada tashkil etib kelinadi. Buning natijasida esa, mazkur ziyoratni amalga oshirishga qodir bo`lgan kishilarning yillab navbat kutishi, safar narxining asossiz ko`tarilishi, fuqarolarning aylanma yo`llar orqali ziyoratni amalga oshirishi va tadbirkorlik sub`ektlarining yashirin iqtisodiyot vakillari sifatida safarlarni tashkil etishi kabi noxush holatlarga barham berilgan.
O`zbekistonda “Umra” safarlarini amalga oshirishni xohlovchilar sonining ko`pligi hamda amaldagi tartib asosida ularning xohishi to`laqonli qondirilmayotganligi sababli minglab fuqarolarimiz mavjud tartibni chetlab o`tgan holda turizm tashkilotlari va boshqa vositachi shaxslar orqali muqaddas ziyoratlarini tashkillashtirishiga olib kelmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2018-2019 yilgi mavsumda O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qancha fuqarolarimiz “Umra” ziyoratini amalga oshirgan bo`lsalar, deyarli shuncha fuqarolarimiz Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya, BAA kabi mamlakatlar orqali “Umra” safarini amalga oshirishgan.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish faqatgina turli cheklovlarni o`rnatish orqali emas, balki fuqarolarimizda muqaddas ziyoratlarni amalga oshirishga bo`lgan ehtiyojning kattaligini inobatga olgan holda, ularning salomatligi va xavfsizligini ta`minlash hamda fuqarolarning mavjud tartibni chetlab o`tishlarini oldini olish maqsadida «Umra» ziyoratlarini bozor munosabatlari va fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.






