O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonotiga ko`ra, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, AQSh, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federasiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan G.Karimovaning jinoiy yo`llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. AQSh dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo`yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Muqaddam xabar berilganidek, mazkur hamkorlik davomida xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaning ilgari e`lon qilingan hukmlarda nazarda tutilmagan yangi jinoyatlari to`g`risida xabarlar kelib tushdi. Ushbular yangi ochilgan holatlar bo`yicha yangi jinoyat ishini qo`zg`atish uchun asos bo`ldi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, G.Karimova o`ziga yaqin shaxslardan iborat bo`lgan bir necha uyushgan jinoiy guruhlarni tashkil etgan holda jinoiy uyushmani boshqarib kelgan.
G.Karimova va uning jinoiy sheriklari uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida sodir etgan jinoyatlar uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni o`tab kelishmoqda.
Hozirgi kunda, tergov tomonidan G.Karimova unga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda ko`p miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega bo`lganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o`tkazish va qo`rqitish yo`llari orqali ularning mulklarini o`ziga tegishli bo`lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.
Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida etkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so`mdan ko`proqni tashkil qildi.
G.Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O`zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog`liq jinoyatlarini sodir etganligi bo`yicha yangi ayblov e`lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining ajrimi bilan G.Karimovaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Jinoyat ishi tergovi jarayonida G.Karimovaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini o`zi va yaqin qarindoshlari tomonidan jalb qilingan 7 nafar advokatlar himoya qilmoqda. Shuningdek, advokatlarning barcha tergov harakatlarida ishtiroki va u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati ta`minlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari yakunlangan bo`lib, G.Karimova jinoyat ishi hujjatlari bilan advokatlar ishtirokida tanishib chiqmoqda.