Toshkentda kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti (tuman, ko`rishning pasayishi) tufayli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining bir nechta reyslari belgilangan vaqtda havoga ko`tarila olmadi.
Aviakompaniya matbuot xizmatining xabariga ko`ra, London—Toshkent yo`nalishidagi HY-202 reysi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga qo`na olmagan va samolyot qo`mondoni Navoiy shahridagi zaxira aeroportiga favqulodda qo`nishga qaror qilgan.
Toshkent—Dehli yo`nalishidagi HY-423 reys parvozi kechiktirilishi kutilmoqda — u ob-havo sharoiti yaxshilangunga qadar soat 11:30ga qoldirilgan.
Toshkent—Bangkok yo`nalishidagi HY-533 reysining jo`nashi ham noma`lum muddatga qoldirilgan.
Qarshi—Moskva yo`nalishidagi HY-623 reysi parvozga ko`tarilishiga ruxsat berilishini kutmoqda.
Shuningdek, Toshkent—Qarshi va Toshkent-Buxoro yo`nalishlari bo`yicha mos ravishda HY-77 hamda HY-23 ichki reyslari ham ob-havo sharoiti yaxshilanishini kutmoqda.