Avtomobil yo`llarini o`zboshimchalik bilan qazish, ularda sun`iy notekisliklar va to`siqlar yaratish holatlari aniqlangan taqdirda, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuziladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig`ilishida muhokama etildi.
Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida ko`plab muhokamalar, bahs-munozaralar o`tkazildi. Ushba jarayonda fraksiya deputatlari ham faol ishtirok etib, yangi tashkil qilinayotgan kichik biznes sub`ektlariga ma`lum muddat soliq imtiyozi berish, mavsumiy ishlar bilan band aholiga mavsumdan tashqari paytda – tadbirkorlik faoliyatini yuritmagan davrda soliq ta`tili joriy etish kabi takliflarni ilgari surdi. Mazkur takliflar qonun loyihasida o`z aksini topdi.
O`zXDP fraksiyasi a`zolari ikkinchi o`qishga tayyorlangan ushbu qonun loyihasini partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, qizg`in muhokama qildi va takliflarini bayon etgan holda, uni qo`llab-quvvatladi.
Shuningdek, deputatlar O`zbekiston XDP fraksiyasi a`zolari tashabbusi bilan kiritilgan “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda muhokama qildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish, muhandislik kommunikasiyasi tarmoqlarini qurish-ta`mirlashda shahar ko`chalari va boshqa aholi punktlarining yo`l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo`yicha ishlarni nazorat etishda muhim omil bo`ladi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish organlari vakolatlarini belgilovchi alohida yangi 2684-modda kiritish taklif etilmoqda. Ya`ni, avtomobil yo`llarini o`zboshimchalik bilan qazish, ularda sun`iy notekisliklar va to`siqlar yaratish, avtomobil yo`lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek, yo`llarni saqlash qoidalarini buzish va yo`l-qurilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga taalluqli ma`muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuziladi.






