Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan 4-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 129 nafar bolajonlar davlat g`amho`rligida ta`lim-tarbiya olishmoqda. Ularning ko`ngliga shodlik ulashish, nigohlarida qalqib turgan armon hovuriga malham bo`lish, quvonchiga sherik bo`lish savob amallarning eng afzallaridan biri hisoblanadi.
Shu sababdan, 13-noyabr Mehr va muruvvat kuni hamda 8 dekabr Konstitusiya kuni munosabati bilan “O`zbekneftgaz” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari o`z hisoblaridan tarbiyalanuvchilarga qishki kiyim-kechaklar olib berishdi. Bu haqda "O`zbeknefigaz"AJ xabar bermoqda.
Bundan tashqari tarbiyalanuvchilardan tashkil etilgan ikkita futbol jamoasi uchun sport kiyimlari va anjomlari topshirildi.
Hozirgi kunda Mehribonlik uyidagi oshxona, bino va maydonchalarning yoritish tizimi hamda ikki qavatli xodimlar uchun mo`ljallangan yotoqxona jamiyat tomonidan ta`mirlanmoqda. Bino uchun zamonaviy mebellar ham olib berish rejalashtirilmoqda.
Jamiyat rahbariyati tomonidan Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolajonlarda vatanparvarlik ruhini shakllantirish maqsadida mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohatlar ham tashkil etilmoqda.
Shuningdek, rahbariyat Qashqadaryoning Kitob tumanidagi Go`daklar uyiga ham tashrif buyurdi. Bu erdagi bolajonlar uchun o`yinchoqlar va kerakli maishiy texnikalar topshirildi.






