7-dekabrdan 8-dekabrga o`tar tunda taxminan soat 3.10 da Chilonzor tumanidagi Muqimiy va Baynalminal ko`chalari kesishmasida “Labo” rusumli avtomobilni boshqarib borgan haydovchi beton to`siqqa to`qnashgan.
YTH natijasida “Labo” avtomobili ag`darilib ketgan. Haydovchiga yordam berish uchun IIBB xodimlari va hodisa guvohlari kelib, avtomobilni g`ildiraklariga o`nglab qo`yishgan. “Labo” haydovchisi kabinadan chiqmas edi. Voqea joyiga birinchi bo`lib etib kelgan PPX xodimi yo`l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar berdi. Haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so`ramoqchi bo`lganida, PPX xodimi haydovchining g`ayritabiiy harakatlari va gaplariga, hamda harakatlarida muvofiqlik yo`qligiga e`tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantirgan edi. Taxminga ko`ra haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta`siri ostida bo`lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga etib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko`rsata boshlab, tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan.
Yonidagi pichog`ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa unga jarohat etkazishi bilan qo`rqitardi. O`tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to`xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko`paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog`lig`i uchun real xavf yuzaga keldi. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo`llashga qaror qiladi. YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo`rol qo`llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o`zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchimoqchi bo`lgan. Shundan so`ng YPX inspektori yo`riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o`q uzdi, bu ham qoidabuzarga ta`sir qilmaganidan so`ng, uning oyog`iga qarata o`q o`zdi. Faqatgina shundan so`ng qoidabuzar pichog`ini tashladi. Uning qo`llari kishanlanib, tibbiy yordam ko`rsatish uchun shifoxonaga etkazildi.
Ma`lumot uchun: o`qotar qurolni qo`llash O`zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi Qonunining 24-moddasi bilan belgilangan.
Haydovchining shaxsini aniqlash bo`yicha olib borilgan ishlar natijasida u – Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 (“Qasddan odam o`ldirish”) va 109-moddalari (“Qasddan badanga engil shikast etkazish”) bo`yicha sudlangan 43 yoshli Nusrat I. ekanligi ma`lum bo`ldi.
“Labo” avtomobili salonida ochiq holatdagi aroq va konyak shishalari topilgan. Hozirgi vaqtda fuqaro Nusrat I. o`z harakatlarini tushuntirishga qodir emas, chunki u ayni damgacha mast holatda ekanligi haqida xabar berilmoqda.
Chilonzor tumani prokuraturasi Nusrat I.ga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilishi masalasi bilan shug`ullanmoqda.