AsosiyJamiyat

O`zbekistonliklar Yaponiyadagi sunami tufayli avariya sodir bo`lgan «Fukusima-1» AES bilan tanishdi

'O`zbekistonliklar Yaponiyadagi sunami tufayli avariya sodir bo`lgan «Fukusima-1» AES bilan tanishdi'ning rasmi

O`zbekiston delegasiyasi 2019 yil 2-7 dekabrda Yaponida safarda bo`lib, ushbu mamlakatning atom elektrostansiyalaridan foydalanish bo`yicha tajribasini, shuningdek «Fukusima-1» AESdagi avariya oqibatlarini bataraf etish bo`yicha ko`rilayotgan choralarni o`rganib qaytishdi.

Delegasiya tarkibiga Energetika vazirligi, «O`zatom» agentligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi, Davlat ekologiya qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi va FVV vakillari kirgan. 

Yaponiyaning yadro infratuzilmasi va energetikasi ob`ektlari bilan tanishish davomida O`zbekiston delegasiyasi Toshiba Energy Systems & Solutions Corporation (TESS) korporasiyasi tarkibiga kiruvchi Toshiba Keihin Factory zavodida bo`ldi hamda issiqliq va atom elektrostansiyalari uchun asosiy texnologik uskunalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Shuningdek delegasiya a`zolari bevosita 2011 yilda sunami tufayli avariya sodir bo`lgan «Fukusima-1» AES bilan tanishdi. Atom elektrostansiyasi vakili avariya sabablari hamda Yaponiyaning mas`ul tuzilmalari va tashkilotlari tomonidan uning oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha ko`rilayotgan choralar haqida batafsil so`zlab berdi. Yaponiyadagi barcha AES lar kuchli zilzilaga dosh berdi hamda atom elektrostansiyalarining avariyaga qarshi himoyasi, avariyaga qarshi tizimdan foydalangan holda barcha stansiyalarning xavfsiz to`xtatilishi amalga oshirildi.

2011 yilda  «Fukusima-1» AES da sodir bo`lgan avariya tufayli Yaponiyadagi ko`plab AES lar xavfsizlik tizimlarini yangi talablar va standartlarga moslashtirish maqsadida to`xtatildi. Ularni joriy etishdan maqsad AES larning zilzilaga va sunamiga bardoshliligini oshirishdan iborat. 2015 yildan boshlab, yangi xavfsizlik talablariga javob beradigan AES lar ishga tushirila boshlandi. 

Delegasiya vakillari, shuningdek ishlatilgan yadro yoqilg`isi va yadroviy materiallar omborxonalariga bordi. U erda ishlatilgan yadro yoqilg`isi va yadroviy materiallar omborxonalari atrof-muhitga va unga tutash hududlarga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi aniqlandi.

O`zbekiston vakillari shuningdek JAPC kompaniyasining «Suruga» AES ga ham bordi. U erda xavfsizlik talablarini yangi talablarga moslashtirish bo`yicha amalga oshirilgan tadbirlar bilan tanishdi. Hozirgi paytda ushbu stansiyaning ikkinchi energoblokini qayta ishga tushirishga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Yaponiya tomoni ma`lumotiga ko`ra ushbu tadbir kelgusi yilning birinchi choragida ishga tushiriladi. Bu erda o`zbek delegasiyasi a`zolari ushbu AES qoshidagi avariyaga javob choralarini ko`rish bo`yicha o`quv-mashq markazida ham bo`ldi va uning faoliyati bilan tanishdi. 

Shuni ta`kidlash kerakki, «Fukusima» AES dagi halokatgacha (2011, mart), Yaponiyada 54 ta faoliyat ko`rsatayotgan atom reaktori mavjud edi (Fransiya va AQSh dan keyin uchinchi o`rin, Osiyoda birinchi o`rin). Yaponiya AES mamlakat eletr energiyasining 30% ga yaqin qismini ishlab chiqargan. Hozirgi paytda beshta AES da 9 ta reaktor ishlatiloqda, qolgan reaktorlar modernizasiya va qayta ishga tushirish bosqichida. Bu ishlar Yaponiya hukumatining energetika tizimini rivojlantirish bo`yicha rejalari bilan ko`zda tutilgan. 

Barcha masalalar bo`yicha tajriba, foydalanish va ma`lumotlar bilan almashish bajarilmoqda, shu jumladan xodimlarni kasbga tayyorlash va attestasiyasi o`tkazilmoqda.  

 

    Boshqa yangiliklar