8 dekabr kuni ertalab soat 6:45 da Rossiyaning Yamalo-Nenesk avtonom okrugi Tazov tumani Pyakyaxin konida sodir bo`lgan yong`in oqibatida 3 nafar O`zbekiston fuqarosi A.E., E.D. va A.S. vafot etdi, yana bir o`zbekistonlik fuqaro T.A. kuyib shifoxonaga joylashtirildi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ayni paytda tegishli organlar tomonidan tergov tadbirlari o`tkazilmoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog`lik konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalar bilan shug`ullanmoqda.
«Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk oblasti, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenesk avtonom okrugi) hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatning Ekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tgan: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33», — deyiladi xabarda.