Bir murojaat izidan: Direktorsiz maktab mojarosi.

Erkin minbar 09.12.2019, 15:47
Bir murojaat izidan: Direktorsiz maktab mojarosi.

Tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaatni o`rganish maqsadida Toshkent viloyati Oxangaron tumaniga bordik. Tuman xalq ta`limi bo`limi va Oxangaron shahar 2-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktori ustidan qilingan shikoyat arizasining qanchalik asosli ekanligini o`rganishga kirishdik.

 

“BU JARIMA HAMMAMIZ UChUN! NEGA MEN TO`LAShIM KERAK?”

 

Mazkur maktab o`qituvchilari Shamshixonov S. va Aynakulova M.larning keltirishlaricha, 2019 yilning avgust oyida 2-maktab direktori Sh.A. maktab majlisida tegishli tashkilotlardan unga solingan jarimalarni o`qituvchilardan to`lashni talab qilgan, ya`ni “Bu maktabning ishi, nega men cho`ntagimdan to`lashim kerak? Hamma 10 000 so`mdan yig`ib beradi”, - deya shart qo`ygan. Avvaliga o`qituvchilar indamasdan boshliqning “asosli” talabini bajaradilar va har biri 10 000 so`mdan yig`ib berishadi. Keyin oradan 1 oy vaqt o`tar o`tmasdan, direktor Sh.A. yana majlis o`tkazib, Bandlikka ko`maklashishi markaziga vakansiya soatlari bo`yicha hisobotlarni kechiktirganligi uchun unga 10 “oklad” jarima solingani va shu sababli yana pul yig`ib berishlarini aytadi. Endi ular jim turisholmadi. Bu ahvol davom etaversa, boshliq “yomon o`rganishi” aniq edi. Bu safar ular “bosh ko`tarib”, qat`iy norozilik bildirishadi. Bunga javoban esa direktor: “Agar pul yig`ib bermasang, prokuratura kelib, hammangni atakangni chiqaradi”, - deya do`q-po`pisa qiladi... Mana shu vajlar bilan murojaatchimiz Shamshixonov S. Ohangaron shahar va Toshkent viloyati prokuraturasiga, shahar Xalq ta`limi bo`limiga shikoyat bilan murojaat qiladi. Va qariyb 1 oydan oshiq vaqt o`tib ketganligiga qaramasdan shikoyat arizasiga tuman va viloyat prokuraturasidan haligacha javob olmaganini aytmoqda. Bundan tashqari, murojaatchimizning maktab direktorini 2019 yil 1 yanvardan boshlab o`qituvchilar oylik maoshi 1,1 baravar oshirilgan bo`lsada, ularga yanvar-aprel oylarida eski tartibda oylik to`lab kelingani, maktab shtatida yozilgan xodimlar va ishlovchi xodimlar o`rtasida nomutanosibliklar borligi bo`yicha shikoyat arizasiga javoban Toshkent viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan taftish o`tkazilib, o`qituvchilarga etkazilgan zarar qoplab berilgan va shikoyat arizasi qanoatlantirilgan. Lekin 2019 yil may oyida taftish o`tkazilganiga qaramasdan, 2-maktab direktori Sh.A.ga nisbatan hech qanday chora ko`rilmagan. Surishtiruvimiz davomida 2-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchilari bilan o`tkazgan suhbatimiz mobaynida ular ham yuqoridagi ma`lumotlarni tasdiqlashdi.Faqatgina 2019 yil 24 oktyabr kuni Toshkent viloyati Xalq ta`limi boshqarmasining buyrug`iga asosan Ohangaron shahridagi 6-maktab direktori M.A. hamda 2-maktab direktori Sh.A. “rotasiya”,  ya`ni o`rin almashtirib qo`yish usuli orqali direktorlikka tayinlab qo`yiladi. Buni normal xolat, Xalq ta`limi soxasi tajribasida bor tartib deyish mumkin edi. Lekin rotasiya orqali tayinlangan direktorlar er-xotin ekanligi 2-maktab jamoasini fig`onini falak qilib, yangi tayinlangan maktab direktori M.A. turmush o`rtog`i Sh.A.ning alamini oladi endi deya bu qarordan norozi bo`lishgan va surishtiruvimiz davomida biz ham buning guvohi bo`ldik. 

 

TASODIFLAR TASODIFAN BO`LMAYDI...

Mavzu yuzasidan savollarmizga javob olish maqsadida Ohangaron shahar Xalq ta`limi bo`limi rahbariyati bilan uchrashdik. Bo`lim mudiri F.Axmadxanova yangi tayinlangan rahbar ekanligini aytib, tayinlanganidan keyin murojaatchilarning shikoyatlari o`rganib chiqilib, o`z vakolati doirasida ish ko`rganligini, avvaliga rotasiya bo`yicha viloyat Xalq ta`limi boshqarmasiga direktorlar bo`yicha tavsiya berganini, keyin bu buyruq maktab jamoasini qanoatlantirmagach, ikkala diretkor ham o`z ixtiyoriga ko`ra ishdan bo`shash haqida ariza yozganligini bildirdi. Lekin rotasiya nega aynan er-xotin rahbarlar o`rtasida qilindi, degan savolimizga bo`lim mudirasi avvaliga bu holat tasodif ekanligini, go`yoki ularning er-xotin ekanligini bilmaganini, keyin esa “rotasiyada er-xotin almashtirilmaydi degan joyi yo`q”, deya vaziyatga “oydinlik kiritdi”. Shahar Xalq ta`limi bo`limi yuristi I.Imonovdan shu paytgacha nega maktab direktorining qilmishlariga qonuniy choralar ko`rilmaganligi so`ralganda “bizga hech kim murojaat qilmagan” degan javob bilan kifoyalandi. 

 

MAKTABDA HALIGAChA DIREKTOR YO`Q...

               Mavzuga Toshkent viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i N.Rahmonqulova shunday izoh berdi:

– Ohangaron shahar 2-umumiy o`rta maktabi ta`lim sifati ko`rsatkichlari bo`yicha juda quyi o`rinlarda turadi. Maktab binosi ham avariya holatida. Mana shunday vaziyatda bunaqangi “direktorlar mashmashasi” ham juda og`riqli masala. Biz maktab direktorlarining ishdan bo`shash arizalaridan faqatgina 2-maktab direktori Sh.A.ning arizasini qanoatlantirib, o`z xizmat vazifasidan ozod qildik. Uning ayoli M.A.ni esa, o`z faoliyatini olib borgan 6-maktabga direktor lavozimiga qaytardik. Chunki shikoyat uning emas, turmush o`rtog`i Sh.A.ning ustidan qilingan. Biz 2-umumiy o`rta ta`lim maktabi Kuzatuv kengashi tomonidan maktab direktorligiga loyiq nomzod bo`lsa, bajonidil direktor qilib tayinlashga tayyormiz. Rotasiyaning tasodifligiga kelsak, u hech qanday tasodif bo`lmaydi. Shahar Xalq ta`limi bo`limi o`zi bilgan, o`rganib chiqqan nomzodlari bo`yicha bizga taqdimnoma kiritadi va biz ularning tavsiyasiga asosan rahbarlarni rotasiya qilamiz.

 

Ushbu surishtiruvimiz natijasida quyidagi savollar ochiq qolyapti:

  1. Nega maktabga haligacha direktor tayinlanmadi? (Vaholanki, 1 oydan oshiq avqt o`tdi)
  2. Sobiq maktab direktori Sh.A.ning 2019 yil yanvar-aprel oylarida o`qituvchilarga maoshlarni kam yozgani, ish o`rinlarida “o`yinlar” qilgani, maktab o`qituvchilaridan muntazam ravishda pul talab qilgani va pul bermagan o`qituvchilarga prokuratura nomidan ishchi guruh chaqirish bilan po`pisa qilganligi yuzasidan hech qanday qonuniy choralar ko`rilmasdan, faqat ishdan bo`shatilib, intizomiy jazo bilan kifoyalanganida qanday asos bor?

Mas`ullardan izoh kutib qolamiz...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1