AsosiyJamiyat

Jahongir Artikxodjaev tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

'Jahongir Artikxodjaev tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi'ning rasmi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjaev 9 dekabr kuni tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

“Hurmatli ishbilarmon va tadbirkorlar!

Barchamizga ma`lum, Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish - bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylangan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”-degan so`zlarining naqadar to`g`riligini hayotning o`zi ko`rsatmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlarga sezilarli darajada engilliklar yaratildi va bu ishlar hali davom etmoqda.

Shiddat bilan o`zgarayotgan va yangilanayotgan bugungi jarayonlarda shahrimiz tadbirkorlari soni ham ortib borayapti.

Toshkent shahrida joriy yilning o`tgan 10 oyida 16 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etildi. Yil yakuniga qadar yana 8 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etilishi kutilmoqda.

Faoliyatini to`xtatgan tadbirkorlarning 4 mingtasi o`z faoliyatini 10 oy ichida qayta tikladi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan jami korxona va tashkilotlarning 88 foizi kichik tadbirkorlik sub`ektlari hisoblanadi. 

Toshkent shahrining har 1000 nafar aholisiga 27 ta kichik korxona to`g`ri kelmoqda va ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62 foizga etdi. 

Toshkent shahrida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 66 foizi kichik biznes tomonidan ishlab chiqarilmoqda. 

Tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, 

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahri uchun uzoq muddatli “Barqaror” prognozli “BB” suveren kredit reytingini taqdim etdi hamda qarz yukiga chidamliligi bo`yicha “AA” reytingi bilan baholandi. 

Fitch Ratings agentligidan ijobiy reyting baho olish, shaharning moliyaviy va iqtisodiy barqaror hamda ishonchli ekanligini anglatadi, investorlar uchun qulay biznes muhiti mavjudligini kafolatlaydi. 

Qadrli, hamshaharlar!

Shu bilan birga, tan olib aytishimiz kerak, ishbilarmon va tadbirkorlar dardiga quloq solish, ularning og`irini engil qilish, ular faoliyatiga keng yo`l ochish va ularga yaqindan yordam berish bo`yicha oldimizda turgan vazifalar hali juda-yam ko`p.

«Biznes yuritish - 2020» (Doing Business) hisobotida ko`rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, er ajratish, qurilish va mol-mulkni ro`yxatga olish borasida qulayliklar yaratishimiz kerak.

Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, biz-rahbarlar tinmay izlanishimiz, muammolarning oqibati bilan emas, balki ularning tub negiziga etib borib, aql bilan, ilm bilan echimini izlashimiz lozim deb hisoblayman.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o`rinlarini yaratish yo`nalishlarida tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ehtiyoji tug`ilmoqda. Bu ishlarga olimlarni jalb etib, shahrimiz iqtisodiyot ko`rsatkichlarining joriy holatini baholash hamda rivojlangan horijiy davlatlar ilg`or tajribalarini o`rgangan holda, qisqa va uzoq muddatli rivojlantirish bo`yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz.

Tahlillarimiz shuni ko`rsatmoqdaki, Toshkent shahrida tadbirkorlikni yo`lga qo`yishdagi muammolarning 30-40 foizi er yoki bino ajratish masalasi bilan bog`liq. 

Bu masala avvalo, bizning - hokimiyat vakillarining tadbirkorlarni rozi qilishdagi eng og`riqli muammolarimizdan biriga aylangan.

Bu yo`nalishda biz albatta ochiq, shaffof va adolatli yangi tizim yaratamiz.

Buning uchun, qisqa muddatlarda Toshkent shahrining Bosh rejasini ishlab chiqib, tasdiqlanishini tezlashtirishimiz zarur.

Bunda, birinchi navbatda shahrimizda yaratilgan istirohat bog`lari va yashil hududlarni kelajak avlodga saqlab qolish, ularni buzilib, qurilish maydoniga aylanib ketishini oldini olish uchun barcha choralarni ko`ramiz.

Poytaxtimizda bo`sh yoki samarasiz foydalanilayotgan er maydonlari va binolar negizida zamonaviy biznes uchun binolarni joylashtirish konsepsiyasini ishlab chiqib, konsepsiya asosida tadbirkorlar uchun binolarni tayyor holda qurib berishni rejalashtirmoqdamiz.

Toshkent shahridan oqib o`tuvchi daryo va kanallarimiz atrofidagi erlardan oqilona foydalanish maqsadida, loyihalar asosida tadbirkorlar uchun joylar ajratamiz.

Eng asosiysi, yuridik va jismoniy shaxslar xususiy mulklarining dahlsizligini kafolatlash borasida, Muhtaram Prezidentimizning qat`iy topshiriqlariga biz og`ishmay rioya qilamiz.

Aziz do`stlar!

Yana bir masala, tadbirkorlikka oid qonunchilikni soddalashtirish, me`yoriy-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, soliq yukini kamaytirish yo`nalishidagi islohotlar muhokamalarida faol qatnashamiz.

Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish va biznes uchun adolatli muhit yaratishda “cheklov” va “ta`qiq” mexanizmlaridan voz kechib, tadbirkor bo`ladimi yoki oddiy fuqaro, soliq to`lashdan manfaatdor bo`lishi uchun yangi g`oyalar ishlab chiqamiz.

Hurmatli tadbirkorlar!

Jadal sur`atlarda rivojlanib borayotgan bugungi biznes jarayonlarida malakali mutaxassislarga talab tobora ortib bormoqda. 

Biznesning turli soha, tarmoq va yo`nalishlarida ilg`or tajribalarni qo`llash, zamonaviy texnika va texnologiyalarni tadbiq etish va ularni boshqarish ko`nikmalariga ega yoshlarimizni mutaxassis sifatida etishtirish borasida iqtidorli farzandlarimizni o`qitish hamda tajriba orttirishlari uchun sharoit yaratish borasida ishlaymiz.

Shuningdek, tadbirkor bo`lish istagida bo`lgan yoshlarmizni qo`llab-quvvatlash, ularga o`z yo`llarini topishga ko`maklashish maqsadida, qo`shimcha imkoniyatlar yaratamiz. Bunda, o`zbiznesini yo`qdan bor qilgan, tajribali tadbirkorlar “Mahorat darslari”ni tashkil etishga chuqur e`tibor qaratamiz.

Hulosa qilib aytganda, poytaxtimizda tadbirkorlik mavqeini yangi bosqichga ko`tarish ustida tinmay izlanamiz.

Aziz, ishbilarmonlar!

Ushbu murojaatimning asosiy maqsadi, bundan keyin tadbirkorlar uchun hech qanday to`siqlar bo`lmasligi, Toshkent shahrida xalq deputatlari, shahar hokimi, barcha rahbarlar, hokimlar Sizlarga yaqindan ko`makchi bo`lishimiz, doimiy ravishda tadbirkorlar og`irini engil qilish bilan shug`ullanib, tadbirkor uchun barcha yo`llar ochiqligini Sizlarga etkazishdan iborat.

Hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga murojaat qilish uchun to`g`ridan-to`g`ri aloqa vositalarini Sizlarga e`lon qilamiz. Istalgan vaqtda ularga bevosita murojaat qilib, tadbirkorlik sohasida uchrayotgan to`siqlar, muammolar va takliflaringizni mutasaddi rahbarlarga etkazish sharoitlarini yaratamiz.

Hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha ishlarni samarali tashkil etish bilan shug`ullanishadi.

Yurtboshimiz aytganlaridek: “Tadbirkor boy bo`lsa, xalq ham, davlat ham boy bo`ladi”.

Hurmatli tadbirkorlar!

Bir narsani yodda tuting, o`z biznesini halol va pok yuritayotgan, qonunga itoatkor tadbirkorlarimiz kafolat bilan aytishimiz mumkinki, albatta shahar hokimligi tomonidan yuksak qadrlanadi. 

Tadbirkor sifatida Vatanimiz ravnaqi, halqimiz farovonligi yo`lida olib borayotgan mashaqqatli mehnatingizga muvaffaqqiyatlar tilaymiz! 

Omad Sizga yor bo`lsin, aziz tadbirkorlar!” — deydi o`z murojaatida hokim.

 

    Boshqa yangiliklar