“O`zbekiston havo yo`llari” aviakompaniyasi HY -095 aviareysi ertalab soat 8:00 dan beri yo`lovchilari bilan ushlab turilgani haqida berilgan xabarga munosabat bildirdi.
Kompaniya bayonotida jumladan shunday deyiladi:
Uzbekistan Airways bayonotida jumladan shunday deyiladi:
«Namangan» va «Farg`ona» xalqaro aeroportlari quyuq tuman tufayli havo kemalarini qabul qilish uchun yopiq edi, shu sababli kompaniyaning HY-620 Moskva—Namangan yo`nalishi bo`yicha 8 dekabrda parvoz qilgan Boeing 757 havo kemasi komandiri qarori bilan «Toshkent» aeroportiga soat 17:41 qo`ndi.
«Namangan» aeroportida ob-havo uzoq muddat yaxshilanmaganligi bois, erusti transporti bilan manzilga etib olishni istagan yo`lovchilarga, aviakompaniya qoidalariga muvofiq, Namanganga etib olish uchun yo`l xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya to`lab berildi.
Yo`lovchilarga, jumladan, yuki ko`p bo`lganlarga, aviakompaniya tomonidan yakuniy manzilga eng yaqin qatnov bilan etib olish taklifi berildi. 37 nafar yo`lovchi 9 dekabr, dushanba kuni soat 08:25 dagi HY-095 qatnovi bilan Namanganga etib borishga rozilik bildirdi.
«Namangan» aeroportida uzoq vaqt ob-havo o`zgarmaganligi sababli HY-095 qatnov vaqti soat 10:00 ga, so`ngra 12:00 va 14:00 ga ko`chirildi. Uchishni kutish vaqtida yo`lovchilar «Toshkent» aeroporti xalqaro yo`nalishlar terminalining kutish zaliga joylashtirildi, u erda ularga ikki marta issiq ovqat — kechki ovqat/ertalabki nonushta taqdim etildi. 9 dekabr kuni soat 07:00 da yo`lovchilar Namanganga uchish uchun erusti transporti bilan mahalliy aviayo`nalishlar aerovokzaliga etkazildi.
«Namangan» aeroportida ob-havo yana yomonlashgani yo`lovchilarning samolyotda uzoq vaqt kutishiga sabab bo`ldi. Ba`zi agressiv kayfiyatdagi yo`lovchilar holatni tushunmasdan, ob-havoga qaramasdan, tezroq Namanganga uchishni talab qildi. «Namangan» aeroporti ochilishi to`g`risida ma`lumot olinishi bilan, havo kemasi komandiri uchishga qaror qildi va yo`lovchilar samolyotga taklif qilindi. O`sha agressiv kayfiyatdagi yo`lovchilardan biri samolyot sahniga chiqgach, o`z e`tirozlari bilan katta bort kuzatuvchisiga tashlandi. 5 nafar yo`lovchi, shu jumladan, katta bort kuzatuvchisiga tan jarohati etkazgan yo`lovchi ayol aeroport milisiya liniyaviy bo`limi vakillari tomonidan qatnovdan chetlashtirildi, bu holat ekipaj a`zosini almashtirishni talab etdi.
Ta`kidlash joizki, ushbu vaqt davomida Uzbekistan Airways rahbariyati va mas`ul xodimlari aeroportda bo`lib, tushuntirish ishlari olib bordi va yo`lovchilar bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotda bo`ldi, yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish uchun barcha choralarni ko`rdi.
Uzbekistan Airways yo`lovchilardan uchish va qo`nish aeroportlarida qishki mavsumdagi yomon ob-havo sharoiti tufayli parvozlar jadvaliga kiritilayotgan o`zgarishlarga tushungan holda yondoshishni so`raydi, chunki parvozlar va yo`lovchilar xavfsizligi bizning eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi».






