Gulnora Karimovaning manfaatlari himoyasida qatnashayotgan advokatlar xususida kelib tushayotgan ko`plab so`rovlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi quyidagilarni ma`lum qildi.
Gulnora Karimovaning manfaatlari himoyasida qatnashayotgan advokatlarning barchasi Gulnora Karimovaning yaqin qarindoshlari tomonidan yollangan bo`lib, tegishli tartibda adliya organlari tomonidan berilgan advokatlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun lisenziyaga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
Advokatlar bilan barcha munosabatlar Jinoyat-prosessual kodeksi normalari asosida amalga oshirib kelinmoqda hamda ular tomonidan o`z mijozlari huquqlarini himoya qilishda cheklanganliklari xususida biron-bir shikoyat va iltimosnoma kelib tushmagan.
O`zini Gulnora Karimovaning advokati sifatida tanishtirib kelayotgan Greguar Manja xususida shuni ma`lum qilamizki, amaldagi qonunchilikka ko`ra chet el advokatlarining O`zbekiston hududida faoliyat ko`rsatishi nazarda tutilmagan.
Ayni vaqtda, chet ellik advokat G.Manjaning Shveysariya hukumati tomonidan berilgan mandati Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyada olib borilayotgan jinoyat ishi bilan chegaralangan bo`lib, uning O`zbekistonga kelishi faqatgina Shveysariya hukumatining o`zaro huquqiy yordam to`g`risidagi iltimosnomasi asosida amalga oshirilgan edi.
O`z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste`mol qilgan G.Manja buzg`unchilik xarakteridagi harakatlarni amalga oshirib, oldindan yolg`onligi ma`lum bo`lgan O`zbekiston penitensiar muassasalari haqidagi bo`hton ma`lumotlarni piar maqsadida tarqatishda ifodalangan advokatlarning umume`tirof etilgan etika qoidalarini buzilishiga yo`l qo`ygan.
Vaholanki, penitensiar muassasalar xalqaro huquqni himoyalovchi tashkilotlar uchun ham ochiq bo`lib, ularning monitoring hisobotlari muntazam ravishda chop etib boriladi.
Shunga ko`ra, o`zbek tarafi mutanosib chora tariqasida G.Manjaning O`zbekiston Respublikasiga kirishiga ruxsat berishni rad etishga majbur bo`ldi.
Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi jinoyat ishi bo`yicha boshqa jinoiy sheriklarining chet el advokatlari O`zbekiston Respublikasidagi o`z mijozlari bilan cheklovsiz munosabatni qo`llab-quvvatlab kelmoqdalar.






