Xabaringiz bor, avvalroq Qoraqalpog`istonda noqonuniy olib ketilayotgan saksovullar ushlanib, bolalar bog`chasiga topshirilgani haqida xabar qilgan edik. Ayni paytda yana bir shunday holat aniqlandi. Biroq bu safar vaziyat boshqacha tus oldi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Qorao`zak tumani “Qoybaq” ovul fuqarolar yig`ini hududida saksovul o`g`rilari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi inspektorlari hamda ichki ishlar xodimlariga hujum qildi.
Bu haqida Qorao`zak tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi 1-darajali inspektori Bahram Sapaev xabar bergan.
– Biz navbatdagi reydga 5 kishi bo`lib chiqqan edik, – deydi Bahram Sapaev. – Ichki ishlar bo`limidan ham 2 nafar xodim bor edi. Saksovul ortilgan ikkita UAZ avtomashinasining iziga tushdik. Avtomashinalarni to`xtatish bo`yicha belgi berdik, lekin ular bo`ysunmay qochdi. Avtomashinalarga davlat raqamlari taqilmagan edi. Ularni to`xtatish uchun qisqa yo`ldan yurib, oldilarini to`smoqchi bo`ldik. Bir vaqt ular biz mingan avtomashinaga kelib urildi. So`ng ikki mashinadan 8 nafar odam chiqib, bizga tashlandi. Biroz vaqt gap uqtirishga harakat qildik, tortishishga ham to`g`ri keldi. Lekin bizlarning kuchimiz etmadi. Ular qochib ketdi. Qo`shimcha kuch jalb qilish uchun masofa juda olis hamda aloqa vositalari ishlamas edi.
Saksovul o`g`rilari Beruniy tumani fuqarolari ekanligi aytilmoqda. Lekin hozircha rasmiy ma`lumot yo`q. Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati mazkur hodisa haqida batafsil ma`lumot keyinroq berilishini ta`kidlagan.

Ismi-sharifini aytilishini istamagan yana bir inspektor bu kabi holatlar ko`p sodir bo`layotganini ma`lum qildi.
– Hozir noqonuniy saksovul qo`poruvchilarni hamma joyda uchratish mumkin. Ularni to`xtatib bo`lmayapti. Biz reydga chiqadigan bo`lsak, transportga sarf-xarajatni o`z yonimizdan to`laymiz. Transport etishmaydi. Qo`mita bizlarga hattoki maxsus kiyim ham bergani yo`q. “Formani o`zlaringiz tiktirib oling”, degan og`zaki topshiriq keldi. Lekin bitta komplekt kiyimni olish uchun kamida 600 ming so`m pul ketadi. Ya`ni maoshimizning yarmi ketib qoladi. Yana har reydga chiqqanda hamyonimizdan 300 ming so`m xarajat qilamiz.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi matbuot xizmatining ma`lumot berishicha, Yangi yildan boshlab inspektorlar transport va maxsus kiyimlar bilan ta`minlanadi.






