2017-yilning aprel oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida portlashlar sodir etilgan va unda 15 kishi halok bo`lgan edi. Kecha,10-dekabr kuni Rossiya sudi ushbu portlashda aybdor deb topilgan 11 kishiga hukm o`qidi. 29 yoshli Qirg`izistonlik Abror Azimov Peterburg shahri harbiy sudi tomonidan terroristik guruhni tashkil qilgani va ushbu teraktda ishtirok etgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyodan bo`lgan yana o`n kishi 19 yildan 28 yilgacha bo`lgan muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Mahkumlarning barchasi o`zlariga qo`yilgan ayblovlarni rad etgan.48 yoshli Shohista Karimova 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingani haqidagi xabarni eshitgach sud zalining qafasidagi oynani urib «meni qo`yib yuboring» deb qichqirdi.
Ushbu hujumda aybdor deb taxmin qilinayotgan yana bir shaxs-Qirg`izistonlik 22 yoshli Akbarjon Jalilov portlashda vafot etgan. Bu teraktga javobgarlikni «Al-Qoida» ga aloqador bo`lgan «Imom Shomil bataloni» guruhi o`z bo`yniga olgan.