Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Navoiy viloyati va Toshkent shahri bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o`tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda kurerlik jo`natmalari tarzida yirik miqdordagi tovar-moddiyboyliklarning noqonuniy olib kirilganligi fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida poytaxtimizda faoliyat yurituvchi kurerlik firmalaridan birining nomiga xorijiy davlatdan yuborilgan 2,8 tonnadan ortiq og`irlikdagi kurerlik jo`natmalari belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi.
Ko`rik natijasida hujjatlarda ko`rsatilgan ma`lumotlar bilan jo`natmalardagi tovarlar o`rtasida tafovutlar borligi aniqlandi. Ya`ni, mazkur jo`natmalarga tegishli 138 ta bojxona deklarasiyalarida umumiy qiymati 650 million so`mlik tovar-moddiy boyliklar ko`rsatilmagani aniqlandi.
Sodda qilib aytganda, tovarlarni bojsiz olib kirish me`yorlarini suiste`mol qilgan holda go`yoki shaxsiy foydalanish uchun niqobi ostida olib kirilgan mazkur tovarlar aslida tijorat maqsadi uchun ko`zlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






