AsosiySalomatlik

Donor bo`luvchi yaqin qarindoshlar ro`yxati kengaytirilishi mumkin

'Donor bo`luvchi yaqin qarindoshlar ro`yxati kengaytirilishi mumkin'ning rasmi

So`nggi yillarda tibbiy xizmat ko`rsatishda zamonaviy innovasion texnologiyalardan foydalanishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o`tgan 11 oyi davomida hududlarda ikki mingdan ziyod jarrohlik operasiyalari o`tkazilib, shundan 1100 dan ortig`ini yuqori texnologiyaga asoslangan murakkab amaliyotlarni tashkil qildi.

Shular qatori yurtimizda yangi - transplantasiya sohasi ham takomillashib bormoqda. So`nggi ikki yil davomida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 230 dan ortiq buyrak, 5 ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida esa 68 ta buyrak transplantasiyasi operasiyalari o`tkazilib, jami 300 nafardan ziyod fuqarolarimizning yuqori texnologik operasiyalar uchun xorij davlatlariga borishining oldi olindi.

Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining eng ilg`or yo`nalishi — o`zak hujayra transplantasiyasini o`zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo`lga qo`yishdi. Tabiiyki, bu nafaqat inson a`zolarini transplantasiyasi bo`yicha fuqarolarning chet elga chiqib ketishining kamayishiga, balki aholining transplantasiya yordamidan bahramandlik darajasi oshishiga ham sabab bo`lmoqda.

Shu bilan birga, transplantasiya yordamiga muhtoj bemorlar ro`yxati ham kengayib bormoqda. Bundan tashqari, so`nggi ikki yil davomidagi amaliyot shuni ko`rsatdiki, yaqin qarindoshlarni donor sifatida belgilangan shaxslar cheklangan doirasi ham amaldagi qonunchilikka o`zgartirish va qo`shimchalar kiritishni taqozo qilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, 2020 yilda “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va jigar bo`lagini transplantasiya qilish tartibi haqida Vaqtinchalik nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko`ra, transplantasiya operasiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilgan davlat tibbiyot muassasalari sonini oshirish, shu jumladan, hududlarda ham bu amaliyotni yo`lga qo`yish hamda transplantasiya qilish amaliyotlarida donor bo`luvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari ro`yxatiga o`zgartirish kiritilib, yanada kengaytirilishi ko`zda tutilmoqda. Ya`ni bemorning ikkinchi, uchinchi, to`rtinchi darajali qarindoshlari ham donor bo`lishi mumkin, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirining matbuot kotibi.

    Boshqa yangiliklar