O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati Farg`ona viloyati bo`limiga tegishli “Shohimardon” dam olish maskani hokimliklar (Farg`ona tuman va...) tomonidan zo`ravonliklarcha tortib olinib, boshqa bir tashkilotga berib yuborilgani afsus nadomat bilan tilga olinib: “ko`tarilgan mavzu mutasaddilarni befarq qoldirmasligi”ga umid bildirilgani OAV nashrlarida e`lon qilingan edi.
Viloyati prokuraturasi tomonidan fuqaro B.Boltaboev va boshqalarning hokim qarori va boshqalardan norozi bo`lib O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo`llagan murojaatini ko`rib chiqildi.
Aniqlanishicha, Farg`ona tuman hokimining 15.05.1999 yildagi hamda 19.09.2009 yildagi qarorlari bilan Farg`ona tumani “Shohimardon” MFY, “Porsin” ko`chasida joylashgan er maydoni 1,04 gektar bo`lgan dam olish maskani bino-inshootlariga “O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati” Markaziy Boshqaruviga egalik huquqi tiklanib, 15.01.2010 yilda kadastr hujjatlari tayyorlangan va bino-inshootlarga bo`lgan huquqini davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma berilgan.
Farg`ona viloyat hokimining 23.01.2018 yildagi yig`ilish bayoniga asosan “Shahimardon-Yordon” qishloqlarida mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy sohalardagi muammolar, aholining kundalik kayfiyati bilan bog`liq bo`lgan masalalar, yangi ish o`rinlari yaratish, aholini doimiy bandligini ta`minlash maqsadida tashkil etilgan Ishchi guruhining 24.01.2018 yildagi dalolatnomasiga asosan “O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati” Markaziy Boshqaruvi ixtiyorida bo`lgan dam olish maskani bino-inshootlari maqsadli foydalanilmayotganligi va qarovsiz holatdaligi aniqlanib, ushbu ob`ektni belgilangan tartibda tuman balansiga olish taklifi berilgan.
Farg`ona tuman hokimining 25.01.2018 yildagi qarori bilan “O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati” Markaziy Boshqaruvi ixtiyorida bo`lgan dam olish maskani bino-inshootlari tuman zahirasiga qaytarib olingan.
“O`zbekiston ko`zi ojizlar jamiyati” Markaziy Boshqaruvi Rayosatining 18.12.2018 yildagi qarori bilan “Shohimardon” dam olish maskani jamiyatning Farg`ona viloyat bo`limiga o`tkazilgan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.09.2018 yildagi PQ-3928-sonli Qarori ijrosi yuzasidan viloyat Idoralararo komissiyasining 17.12.2018 yildagi xulosasi asosida dam olish maskaniga nisbatan ta`sirchan soliq mexanizmi qo`llanilgan.
Mazkur xulosa Toshloq tuman ma`muriy sudining 16.09.2019 yildagi hal qiluv qarori bilan barcha harakatlar qonunga xilof, xulosa haqiqiy emas deb topilgan.
Bundan tashqari, Farg`ona tuman hokimining 12.11.2019 yildagi qarori bilan “Shohimardon” dam olish maskani “Ma`naviyat va ma`rifat markazi” viloyat bo`limi balansiga o`tkazib berilgan.
Hozirda, markaz tomonidan ushbu ob`ektda qurilish ta`mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bayon etilganlarga ko`ra, kelgusida muallif Farg`ona tuman hokimining 25.01.2018 yildagi hamda 12.11.2019 yildagi qarorlaridan norozi bo`lgan taqdirida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.