1

Qonun ma`qullandi. Endi maktabgacha ta`lim tizimi yanada takomillashtiriladi

Jamiyat 14.12.2019, 17:06
Qonun ma`qullandi. Endi maktabgacha ta`lim tizimi yanada takomillashtiriladi

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala “Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunidir. Mazkur Qonun ham senatorlar tomonidan ko`rib chiqildi. 

11 bob, 58 moddadan iborat mazkur Qonundan maqsad - maktabgacha ta`lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish. Qonunda maktabgacha ta`lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari, shuningdek, maktabgacha ta`lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari belgilanmoqda. Mazkur sohadagi davlat siyosatining ro`yobga chiqarilishini quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo`yilmoqda:

* Vazirlar Mahkamasi;

* Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;

* Maktabgacha ta`lim vazirligi;

* Sog`liqni saqlash vazirligi,

* o`z tasarrufida maktabgacha ta`lim tashkilotlari bo`lgan boshqa davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari.

Bundan tashqari, fuqarolar, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining maktabgacha ta`lim va tarbiya sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, Qonunda maktabgacha ta`lim va tarbiyaning davlat standarti, maktabgacha ta`lim va tarbiyaning davlat ta`lim dasturi, ta`lim berish tili, maktabgacha ta`lim tashkilotlarining ish rejimi, maktabgacha bo`lgan yosh va uning davrlar, bolalarni maktabgacha ta`lim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish belgilanmoqda.

– Davlatimiz rahbari boshchiligida yosh avlodni bog`cha yoshidan tarbiyalash ishlariga alohida e`tibor qaratilib, maktabgacha ta`lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga mas`ul bo`lgan alohida vazirlik tashkil etildi, – deydi Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi Z.Nizamxodjaev. – Maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish va bolalarning sifatli maktabgacha ta`limdan teng foydalanishini ta`minlash maqsadida maktabgacha ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda 9 770 dan ortiq maktabgacha ta`lim muassasalarida 1 million nafardan ziyod bolalarga ta`lim-tarbiya berib kelinmoqda.  Nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarining soni ham ortib, xususiy maktabgacha ta`lim muassasalar soni 753 taga, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta`lim muassasalari soni 419 taga hamda oilaviy maktabgacha ta`lim muassasalarining soni 2 770 taga etdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1