1

Turar-joy ijarasi qonunchiligi takomillashtirishga muhtoj

Jamiyat 14.12.2019, 18:28
Turar-joy ijarasi qonunchiligi takomillashtirishga  muhtoj

Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek barcha hududlarda aholini uy-joy bilan ta`minlashga qaratilgan islohotlar ijrosi doirasida turar-joyni ijaraga berish mexanizmlarini tegishli ravishda ishlab chiqish masalasi dolzarb bo`lib qolmoqda. Ijara ma`lum bir sharoitlarda, odatda, uy-joy masalasini hal etishning yagona muqobili hisoblanishi ijara sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhimligidan dalolat beradi. 

         Yuklatilgan yangi vazifalarga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan turar-joy ijarasi sohasidagi qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotining tahlili o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lumot berdi. O`tkazilgan tahlil natijalari ushbu sohada qator kamchilik va muammolar mavjudligini ko`rsatdi. 

         Birinchidan, turar-joy ijarasining turli jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar bazasi mavjudligiga qaramay, qonunchilikda ijarachi huquqlarining to`laqonli kafolatlari mavjud emas. Bu esa ijaraga beruvchilar tomonidan ijarachilarning qonuniy huquq va erkinliklarini kamsitish, ijara bozorining jozibadorligi va daromadliligini tushirish uchun sharoit yaratadi. 
         Ikkinchidan, O`zbekistonda turar-joy ijarasi sohasining sezilarli kamchiligi ijaraga olinayotgan turar-joyning yagona standartlari va muvofiqlikni nazorat qilish mexanizmi yo`q. Xususan, qonunchilikda va amaliyotda ijaraga olinayotgan turar-joyga nisbatan bir xil mezonlar qo`llanilmaydi, bu esa tegishli huquqiy jihatdan tartibga solish va ijarachilar huquqlari kafolatlarini ta`minlash imkonini bermayapti. 
         Mazkur muammo bo`yicha xorijiy tajribani o`rganish shuni ko`rsatdiki, ijarachilar huquqlarini himoya qiluvchi o`zini o`zi nazorat qiluvchi ixtisoslashgan tashkilotlarni tashkil qilish uning echimi sifatida ko`rilmoqda. Ular belgilangan me`yorlar ijrosini ta`minlaydi, ijarachilarga malakali yuridik yordam ko`rsatadi, sudda ularning huquqlarini himoya qiladi va ular uchun turar-joy sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. 

         Bunday tashkilotlar Germaniyada (Ijarachilar uyushmasi), Shvesiyada (Ijarachilar assosiasiyasi), Kanadada (Turar-joy egalari va ijarachilar kengashi), Buyuk Britaniyada (Uy egalari assosiasiyasi, Turar-joy ijarasi bo`yicha agentlar assosiasiyasi) va boshqa davlatlarda ham mavjud. Ko`rib chiqilayotgan mexanizm ijaraga beruvchilar bilan o`zaro munosabatlarda ijarachilar huquqlarining davlat kafolatlarini amalga oshirishda ta`sirchan vosita sanaladi. 

         Uchinchidan, turar-joy ijarasi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini tahlil qilish asnosida davlat turar-joy fondida ob`ektlar va ijara operasiyalari to`laqonli tizimli hisobga olinmasligi aniqlandi. Jumladan, vakolatli davlat organlari tomonidan davlat uylarini ijaraga berish, shuningdek uning rentabelligiga doir hisobot va statistik ma`lumotlarni markazlashgan tartibda yig`ib borish amalga oshirilmaydi. Bu davlat organlari faoliyati ochiqligiga salbiy ta`sir ko`rsatib, sohada korrupsiogen omillar yuzaga kelishiga turtki bo`luvchi sharoitlar mavjudligiga ishora qiladi.

         Shuningdek, turar-joy ijarasidan kelib tushgan byudjet tushumlarini hisob-kitob qilish ijara bozori ishtirokchilari uchun qandaydir rag`batlantiruvchi chora-tadbirlar mavjud emasligini aniqlash imkonini berdi, bu esa sohada yashirin sektorning ortishiga olib kelmoqda. Amaliy o`rganish natijalari ko`rsatganidek, ijaraga beruvchilar shartnoma tuzayotganda daromad solig`i summasini pasaytirish uchun bir necha bor kamaytirilgan summani qayd etadi va bu davlat byudjetiga kelib tushayotgan moliyaviy tushumlar miqdoriga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. 
         Qonunchilikning batafsil tahlili turar-joy ijarasining ayrim shakllari turar-joy qonunchiligi bilan tartibga solinmaganini ko`rsatdi, bu esa, o`z navbatida, sohadagi huquqni qo`llash amaliyotiga salbiy ta`sir ko`rsatib, turar-joy ijarasi bozori salohiyatini sezilarli ravishda pasaytiradi. Bundan tashqari, “Ijara to`g`risida”gi qonun bilan 
turar-joyni kunlik ijaraga olish, ko`chish shartnomalari tuzilayotganda ijarachi va ijaraga beruvchining to`laqonli huquqiy maqomi, bunday turdagi shartnomalarni sifatli bajarish kafolatlari belgilanmagan bo`lib, bu echimini kutayotgan ma`lum bir muammolar borligiga ishora qilmoqda. 
         Ilg`or xorij tajribasini hamda o`tkazilgan tahlil natijalarini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan turar-joy ijarasi sohasidagi qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish, ijarachilar huquqlari kafolatlarini ta`minlash va ijara bozorini rivojlantirish bo`yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1