Vazirlar Mahkamasining Respublikada quyonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Unga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yirik savdo markazlari, markaziy dehqon bozorlari hamda aholi gavjum joylarda quyon go`shti etishtiruvchi sub`ektlarga mahsulotini sotish uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi ta`minlanadi.
Shuningdek, shifoxona va shifo maskanlari, maktab hamda maktabgacha ta`lim muassasalari hamda harbiy qismlarda iste`mol qilinadigan mahsulotlar tarkibiga parhez va foydali quyon go`shtini qo`shiladi.
Moliya vazirligi davlat byudjeti parametrlari doirasida ushbu muassasalarga go`sht mahsulotlari uchun mablag`lar ajratishda umumiy go`sht miqdorining 10 foizigacha miqdorida quyon go`shti uchun yo`naltiradi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xonadonlarda quyon etishtiruvchi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklariga quyon parvarishlash maqsadida sotib olinayotgan quyon uyalari(qafasi) va ozuqasi uchun bazaviy hisob-kitob summasining (BHS) o`n barobari miqdorida vazirlik subsidiyalari ajratish mexanizmalarini 2020 yil 1 fevral sanasidan amaliyotga joriy qilish vazifalari ham loyihada nazarda tutilgan.






