Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Bu haqda O`zA yozmoqda.
Viloyat rahbari ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil shov-shuvlar, jamiyatda jurnalist va blogerlarning o`rni haqida o`z munosabatini bildirdi:
– Mamlakatning taraqqiyotida ommaviy axborot vositalarining o`rni katta. Shuning uchun ham bu kasb egalarini juda hurmat qilaman. Matbuot xolislik, haqqoniylik va to`g`rilikni talab qiladi. Bu mezonlarga amal qilgan jurnalistlarimiz turli uydirma va shov-shuvlarga uchmaydi. Shuni alohida ta`kidlamoqchimanki, hech qachon bir tomonlama manfaatlarni hisobga olmasligi kerak. To`g`ri, ba`zi bir tanqidiy chiqishlar kimlargadir yoqmasligi aniq. Rahbarlar jurnalist va blogerlar bilan muloqot qilishdan qochmasdan samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish vaqti keldi. Ko`plab jurnalist va blogerlar chiqishlarini muntazam kuzatib boraman. Men birorta blogerga ustunlik bermoqchi emasman. Xushnudbek Xudoyberdievning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarini hamisha qiziqib, kuzataman.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, “Ozodlik” Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`anievning ovozi deb aytilayotgan audio ostida “Farg`ona hokimi blogerning “janozasini o`qish” ni buyurdi” sarlavhali materialni e`lon qilgan edi.
Shundan so`ng viloyat hokimiyati Matbuot xizmati rasmiy bayonot berib, "Ozodlik” Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`anievga nisbatan navbatdagi tuhmatini e`lon qilganini aytgandi.