AsosiyJamiyat

"Tahsin" mukofotiga kimlar munosib ko`rildi?

'"Tahsin" mukofotiga kimlar munosib ko`rildi?'ning rasmi

Bugun “Yoshlar ijod saroyi”da Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan "Tahsin" mukofotining taqdirlash marosimi o`tkazildi. 

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi etakchilari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tanlovga noyabr oyi davomida vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo`jaligi, fan-ta`lim, ijtimoiy soha, san`at, madaniyat, jurnalistika hamda sport sohalaridagi 22 ta nominasiya bo`yicha 500 nafar nomzodlar tavsiya etilgan edi.

“Tahsin” mukofoti g`oliblarini tantanali taqdirlash marosimini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbaeva ochib berdi. Ilk mukofotni “Qurolli Kuchlar sohasida O`zbekiston nufuzini oshirishga qo`shgan munosib hissasi uchun” nominasiyasi bo`yicha Navoiy viloyati DXX Chegara qo`shinlaridagi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Etakchilar Kengashi raisi Zumrad To`raeva va Mudofaa vazirligining xalqaro “Armiya – 2019” tanlovida g`olib bo`lgan tankchilar ekipaji qo`lga kiritdi. 

“O`zbek tilida masofaviy ta`lim olish imkoniyatlari rivojiga qo`shgan hissasi uchun” nominasiyasiga “Xan Akadesiyasi” munosib topildi. 

“Ilm-fan sohasini rivojlantirishdagi kuchli irodasi va matonati uchun” mukofotini O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi” direktori Rano Shodievalar topshirdilar. Mazkur nominasiyada ko`zi ojizlar uchun brayl alifbosidagi ingliz tilidagi ilk o`quv qo`llanmani yaratishda hissa qo`shgan Xurshid Toshev g`olib bo`ldi.

“San`at sohasidagi iqtidori uchun” nominasiyasi bo`yicha ko`zi ojizlar musiqa maktabi o`qituvchisi, xalqaro tanlov g`olibi, pianinochi Sevara Mirsiddiqova g`alaba qozondi. 

“Axborot kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi tashabbuskorligi uchun” Shohijaxon Dehqonovga mukofotni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikasiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab direktori, INHA universiteti bosh menejeri Hilola Umarova topshirdi. 

Atrof-muhit ozodaligini ta`minlashdagi tashabbuskorligi uchun” nominasiyasida “Hashar week"loyihasi asoschisi Suna Pak va Jarqo`rg`onda o`rmonzor yaratgan Namoz Jumaevlar zafar quchdilar. Ularni “Smartgov Consulting” tashkiloti rahbari, bloger Aziza Umarova va bloger Nikita Makarenkolar taqdirladi.

“Haykaltaroshlik yo`nalishi rivojidagi tashabbusi uchun” Bahrom Norboev, “Kitobxonlikni rivojlantirishdagi tashabbusi uchun” “Asaxiy boks” asoschisi Firuz Allaev, “Ommaviy axborot vositalari sohasidagi faolligi uchun” nominasiyalarida Daryo.uz sayti muxbiri Madina Nurmanova g`olibga aylandilar. Jurnalist Baxtiyor Nasimov, “Yosh kitobxon” tanlovi g`olibi, “Chegarasiz” loyihasi qahramoni Mahliyo O`roqova hamda bloger Dima Qayumlar sovrindorlarga muvaffaqiyat tiladi.

“Mamlakat sport imidjini ko`tarishda qo`shgan hissasi uchun” nominasiyasi bo`yicha mukofotni futbolchi Eldor Shomurodov va og`r atletikachi Kumush Fayzullaevalar qo`lga kiritdi. Gimnastika bo`yicha jahon chempioni Oksana Chusovitina va Sport sharxlovchisi Mirzaxakim To`xtamirzaevlar sportchilarni samimiy qutladilar.

“Bolalar va yoshlar o`rtasida volontyorlik harakati rivojiga qo`shgan hissasi uchun” nominasiyasi bo`yicha mukofot O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Ibrohim Xodjiev va ekspert Dilfuza Qurolovalar tomonidan Jizzax viloyati vakili, 2018-2019-o`quv yilida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti sardori Dilshod Sharofov va Toshkent shahri “Vremya Chudes” volontyorlik harakati asoschisi Shirin Abidovalarga topshirildi.

“Tadbirkorlik yo`nalishida ko`rsatgan tashabbusi uchun” Toshkent shahri Navoiy viloyatida ho`l va quruq mevalar eksporti bilan shug`ullanuvchi “Teodora Goods” hamda “Teodora Grupp” MChJlari rahbari Dildora Atadjonova va “MFaktor” loyihasi asoschilari Xasan va Xusan Mamasaidovlarni taqdirlandilar. “MFaktor" loyihasi asoschilari taqdim etilgan 10 million so`m miqdoridagi mukofot pulini bloger Dima Qayum kutubxonasi ravnaqi uchun sovg`a qildi.

“Yuksak mehr va e`tibor uchun” yo`nalishida Toshkent shahri “Mehrli qo`llar” loyihasi muallifi Bahrom Aliev, “Mehribon yurak” aksiyasida yurak xastaligiga chalingan, jarrohlik amaliyotiga zarurati bo`lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti og`ir bo`lgan 14 nafar bolalarga beg`araz jarrohlik amaliyotini o`tkazgan bosh shifokor Murod Ahmedov, “Yoshlar” telekanalida “7-qadam” xayriya loyihasi muallifi Hamza Jumaev hamda “Kun.uz” internet nashri xayriya loyihasi asoschilari e`tirof etildilar.

“Yuksak insoniylik, mardlik va jasorati uchun” nominasiyasiga Olamafro`z Abdullaev munosib topildi. Mukofotni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa`dullaev topshirdi. Olamafro`z Rossiya Federasiyasining Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida yuz bergan baxsiz hodisada o`z hayotini xavf ostiga qo`yib 8 nafar insonni birinchilardan bo`lib qutqargan. Ushbu qahramonligi uchun Chelyabinsk viloyati tomonidan “Speshite delat dobro” medali bilan taqdirlangan.

Tanlov g`oliblarining har biri 10 million so`mdan pul mukofoti, statuetka hamda qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandilar.

Barcha g`oliblarni chin yurakdan tabriklaymiz.

    Boshqa yangiliklar