O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi qarori bilan tasdiqlangan avtomobil ko`priklari, yo`l o`tkazgichlar va boshqa sun`iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash dasturiga binoan, bugungi kunda Toshkent shahrining A.Donish ko`chasidan kichik halqa avtomobil yo`li, Miskin va U.Shirin ko`chalari kesishmasidagi yo`l o`tkazgichda mukammal ta`mirlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur inshoot poytaxtdagi birinchi zamonaviy yo`l o`tkazgich bo`lib, 2000 yilda Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko`chasida qurildi. Kengligi 29 metr bo`lgan 912 metr uzunlikdagi (yondoshish yo`llari bilan birga) ushbu inshoot shaharning uchta tumanini birga bog`lab yanada obod qildi. Qariyib 20 yil davomida, yo`l o`tkazgichida hech qanday ta`mirlash ishlari amalga oshirilmadi. Shu sababli temir-beton konstruksiyalar va yo`lning yuqori qatlami yaroqsiz holga keldi. Joriy yilning avgust oyida «Ko`prikqurilish» Tresti UKning mutaxassislari tomonidan ta`mirlash ishlari boshlandi.
Dastlab, to`sinlar, ustunlar va tayanchlarning temir-beton konstruksiyalarinurlari tiklandi. Bundan tashqari, qatnov qismining temir panjaralari, dekorativ temir-beton plitalar demontaj qilindi, 2000 m2 maydonida qalinligi 12 sm bo`lgan himoya beton qatlami olib tashlandi va bu ishlar sentyabr oyida tugatildi. Oktyabr va noyabr oylarida temir-beton konstruksiyalarni o`rnatish ishlari boshlandi. Xususan, bugungi kunga qadar 2000 m2 maydonda yangi beton qoplamasi bilan qoplandi. Piyodalar uchun ajratilgan qismida izolyasiya ishlari yakunlandi. Dekabr oyining oxiriga qadar yo`l o`tkazgichdagi asfalt-beton qoplamalarni yotqizish ishlari yakuniga etishi rejalashtirilgan.
Barcha demontaj va montaj ishlari belgilangan me`yorlarni hisobga olgan holda qurilish qoidalari va shartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shuni ham inobattga olgan holda alohida ta`kidlash kerakki, avtomobillarni yuqori o`tkazish qobiliyatiga ega bo`lgan ushbu inshootning ta`mirlash ishlari yo`l harakatini to`xtamasdan amalga oshirilmoqda. Va, albatta, ushbu omil yo`l ustidagi ta`mirlash ishlarining davomiyligiga ta`sir qilmoqda. Bundan tashqari, ko`prik quruvchilarimiz bir vaqtning o`zida Toshkent metropolitenining halqa yo`li va Yunusobod liniyasidagi qurilish ishlarining 2-bosqichini yakunlashda ham faol qatnashmoqdalar.
“O`zbekiston temir yo`llari” AJ poytaxt aholisi va mehmonlaridan vaziyatni to`g`ri tushunishlarini va har bir haydovchidan, ushbu yo`l o`tkazgichdan o`tayotganida, shoshilmasdan tartib bilan o`tishlarini so`raydi.






