Ma`lumki, jinoyat sudloviga jalb etilgan ba`zi toifadagi shaxslar o`zlarining prosessual huquq va majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarmasa, ularga nisbatan prosessual majburlov choralari qo`llanilishi mumkin. Chunki majburlov choralari muhim prosessual harakatlar hisoblanib, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy va boshqa sub`ektiv huquqlarini toraytirish va cheklashda o`z ifodasini topadi...
Akmal Ergashev, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tumani sudining sudyasi: — Bu majburlov choralari shaxsning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini muayyan darajada cheklaydi. Biroq ularni qo`llamasdan jinoyat-prosessual faoliyatni yuritib bo`lmaydi. Shuning uchun ham jinoyat prosessi ishtirokchisining tergov yoki sud harakatlarini amalga oshirishga to`sqinlik qilayotgani va o`z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani prosessual majburlov choralarini qo`llash uchun asos bo`ladi.
Aytish kerakki, majburlov choralari turlicha mazmunga ega bo`lishi mumkin. Jinoyat-prosessual majburlov choralari va jinoyat-prosessual javobgarlik choralari bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalar hisoblanadi.
Ilgari ayblanuvchilarni uzoq muddat davomida qamoqda saqlash holatlari ko`p uchragan. Hozirgi paytda esa, bu muddatlar va qamoqda saqlab turish tarzidagi ehtiyot choralarini qo`llash jinoyat tergov qilinayotgan paytda ko`pi bilan uch oyni tashkil etadi. Ushbu muddat qonunchilikda o`ta og`ir jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan, uzaytirilgan holat bilan qo`shib hisoblaganda, etti oydan oshmasligi belgilangan.
Ushlab turish muddati ushlangan shaxs ichki ishlar organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab ko`pi bilan qirq sakkiz soatga qisqartirildi. Tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va etarli asoslar taqdim etilganda, ushlab turish sudning qarori bilan qo`shimcha ravishda yana qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.
Ushlab turish jinoyat ishi qo`zg`atilgunga qadar ham, ish qo`zg`atilganidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Keyingi holatda ushlab turishga faqat surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan yo`l qo`yiladi.
Fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini cheklash shaxs jinoyat prosessi ishtirokchisi sifatida jalb etilgan dastlabki daqiqalardan boshlanadi. Demak, uning muhofazasini ta`minlash ham shu muddatdan boshlanishi kerak.
Ushlab turish boshqa prosessual majburlov choralaridan ko`proq qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga o`xshaydi va qamoqqa olishning ko`plab tavsiflari ushlab turishga ham taalluqlidir. Agar ushlab turish muddati tugagunga qadar asoslar bo`lsa, shaxs ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinadi.
Shaxsga qonunsiz ushlab turish tufayli etkazilgan ziyon, basharti, keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo`lsa yoki Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko`ra, ish tugatilgan bo`lsa, to`liq hajmda qoplanadi.
Ma`muriy huquqda shaxsni ushlab turishning umumiy muddati 3 sutka. Agar huquqbuzarlikda ayblanayotganning shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo`lmasa, prokurorning sanksiyasi bilan bu muddat o`n sutkagacha uzaytirilishi mumkin.
2017 yil 29 martda qabul qilingan qonunga muvofiq, Jinoyat prosessual kodeksining 29 va 31-boblariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilib, sudga qadar ish yurituv bosqichida qo`llaniladigan choralar, ya`ni lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi prosessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo`llash tartibi joriy qilindi.
Ma`lumki, prosessual majburlov choralarini qo`llashda sudning alohida o`rni bor. Chunki sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolarning tinchligi va totuvligini ta`minlashga qaratilgan.
Prosessual majburlov choralarini qo`llashda sudlarning vakolatlari izchil kengaytirilib, odil sudlovni amalga oshirishda ularning xolisligi va mustaqilligi kafolatlandi. Xususan, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta`siridan chiqarildi.
Jinoyat prosessida shaxsning huquq va erkinliklarini cheklash, o`z navbatida, bu jarayon ustidan samarali tarzda nazorat o`rnatishni talab etadi. Bunday nazorat esa, sud orqali ta`minlanadi.
Qayd etish joizki, sudyaga prosess ishtirokchilarining iltimoslariga binoan, tomonlarga yordam ko`rsatish maqsadida, ayrim tergov harakatlarini o`tkazish huquqi berilishi ham tomonlarning tengligini ta`minlashda muhim o`rin tutadi.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog`i muddatini uzaytirish to`g`risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e`tiboran etmish ikki soat ichida yopiq sud majlisida ko`rib chiqiladi.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog`i muddatini uzaytirish to`g`risidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, agar ishda qatnashayotgan bo`lsa, himoyachi ishtirokida ko`rib chiqiladi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Ayblanuvchi stasionar sud-psixiatriya ekspertizasidan o`tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan taqdirda, qamoqda saqlab turish yoki uy qamog`i muddatini uzaytirish to`g`risidagi iltimosnoma sud tomonidan ayblanuvchining ishtirokisiz ko`rib chiqilishi mumkin.
Sudyaning qamoqda saqlab turish yoki uy qamog`i muddatini uzaytirish yoki qamoqda saqlab turish yoki uy qamog`i muddatini uzaytirishni rad qilish yoki ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to`g`risidagi ajrimi u o`qib eshittirilgan paytdan e`tiboran kuchga kiradi.
Sudyaning ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e`tiboran etmish ikki soat ichida ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili, lavozimidan chetlashtirilgan ayblanuvchi ishlagan tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan apellyasiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.
Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyasiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Shuni ham aytish kerakki, shikoyat yoki protest berish sudning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to`g`risidagi ajrimi ijrosini to`xtatib qo`ymaydi.
Apellyasiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e`tiboran etmish 2 soatdan kechiktirmasdan ko`rib chiqishi kerak.






