Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida Surxondaryo viloyati, Sho`rchi tumanidagi 43-umumiy o`rta ta`lim maktabiga yaponiyalik arxeolog Kyudzo Kato nomi berildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir joriy yilning 17 dekabr kuni o`tkazildi.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev, Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kato Kyudzo (1922 yil 18 may – 2016 yil 11 sentyabr) – yaponiyalik arxeolog, antropolog, tarixchi va etnograf. U O`zbekistonning tarixi va qadimiy obidalarini o`rgangan. Arxeolog uzoq yillar davomida O`zbekiston fanlar akademiyasi bilan hamkorlik olib borgan. Surxondaryo viloyatidagi (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) arxeologik qazishmalarida qatnashgan.
Kato Kyudzo mamlakatimiz tarixini Yaponiyada ommalashtirgan. Shuningdek, u Markaziy Osiyo va Sibir haqidagi o`nlab kitoblarning muallifi. O`zbekistonga bag`ishlangan turli simpozium va ko`rgazmalarni tashkil etgan. Amir Temur, Bobur, Mirzo Ulug`bek va boshqa ulug` mutafakkirlarimiz asarlarini yapon tiliga tarjima qilgan. Markaziy Osiyoda, ayniqsa vatanimiz janubida buddizm madaniyatini o`rgangan.
2002 yilda xalqimizning boy tarixi, qadimiy yodgorliklari hamda madaniy-ma`naviy merosini chuqur o`rganish va xorijda targ`ib qilishdagi katta xizmatlari, O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qo`shgan samarali hissasi uchun Kyudzo Kato “Do`stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
- Kato Kyudzo uzoq yillar davomida Sho`rchi tumanida arxeologik faoliyat yuritganligi bois uning nomi 43-umumiy o`rta ta`lim maktabiga berildi. Afsuski, yapon tiliga katta qiziqish bo`lishiga qaramay, shu paytgacha maktablarimizda bu til o`qitilmagan, - deya ta`kidladi Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev. - 2020-2021 o`quv yilidan boshlab Kato Kyudzo nomidagi maktab o`quvchilari ingliz tili bilan birga yapon tilini ham o`rganish imkoniyatiga ega bo`ladi. Keyingi o`quv yilidan boshlab, yapon va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan yosh arxeologlar maktabiga aylantiriladi.
Shu bilan birga, maktabda Kato Kyudzo muzey - xonasi tashkil etiladi. Bu erga tashrif buyurganlar yaponiyalik olim hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning avgust oyida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o`rta ta`lim muassasalarida xorijiy tillarni o`qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko`ra, mamlakatimizning barcha hududlarida 15 ta yapon tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim muassasalari tashkil etiladi. 2020-2021 o`quv yilidan boshlab, beshta maktabda yapon tili o`qitiladi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri o`qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, yapon tilini o`qitish metodologiyasi va darsliklarini yaratish maqsadida Yaponiyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o`rnatishni rejalashtirgan.






