Joriy yilning 14 dekabr kuni Zarafshon shahar 2-kichik tumanida yashovchi 1979 yilda tug`ilgan H.J. uyiga mast holda qaytib, arzimas sababni bahona qilib janjal ko`taradi. Spirtli ichimlik ta`sirida aql-hushini yo`qotib, turmush o`rtog`i va farzandlarini ayovsiz haqorat qila boshlaydi. Turmush o`rtog`i R.I.ni o`ldirishini aytib, uyida pichoq izlay boshlaganda esa vaziyat fojeali tugashi mumkinligi oydinlashadi.
Farzandlari uydagi kesuvchi jismlarni yashirishga ulgurgani sababli uydan qo`liga ilinarli biror narsa topolmagan H.J. pichoq izlab ko`chaga otlanganidan foydalangan R.I. hududda xizmat olib borayotgan Zarafshon shahar IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant Farid Soibovga murojaat qiladi.
Vaziyatni to`g`ri baholagan profilaktika inspektori jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchisi Z.Erkinov bilan birga voqea joyiga etib borib, janjaldan o`takasi yorilgan bolalarni tinchlantirishadi.
Ko`chadagi do`kondan oshxona pichog`ini sotib olib, uyiga qaytgan H.J. eshik oldida ichki ishlar organi xodimini ko`rgach, ichkariga kirishga harakat qiladi. Biroq bunga yo`l qo`ymagan leytenat F.Soibov vaziyatga oydinlik kiritish uchun gaplashib olishlari lozimligini ma`lum qiladi. Shu payt fuqaro H.J. engi ichida yashirib olgan pichoq bilan uning qorin qismiga bir necha marta jarohat etkazib, ichkariga bostirib kiradi.
Og`ir jarohat olgan bo`lishiga qaramasdan o`zini yo`qotib qo`ymagan va inson hayotini saqlab qolishni burchi deb bilgan profilaktika inspektori H.J.ni qo`lga olib, zararlantirishga muvaffaq bo`ladi.
F.Soibov og`ir ahvolda shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limiga yotqizildi. O`z vaqtida zarur choralar ko`rilgani sababli ichki ishlar organi xodimining hayoti saqlab qolindi.
Fuqaro H.J.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olindi.
Yuqori jangovar shaylik va jasorat namunasini namoyish etgan leytenant F.Soibovni rag`batlantirish choralari ko`rilmoqda, deyiladi "Postda.uz" xabarida.






