Rossiyaning sport inshootlari qurilishi, ulardan foydalanish va boshqarish masalalariga bag`ishlangan etakchi jurnali "Sport Build" 2019 yilda foydalanishga topshirilgan sport industriyasining eng ahamiyatli ob`ektlari ro`yxatini tuzdi.
Bu ro`yxatga "Tottenham Hotspur Football Stadium" (London), "Ferens Pushkash" stadioni (Budapesht), "Lujniki" suv sporti turlari saroyi (Moskva) kabilar qatorida Toshkentdagi "ENTER Engineering Pte. Ltd" kompaniyasi tomonidan qurilgan "Humo Arena" ko`p funksiyali muz saroyi ham kiritildi, deb xabar beradi Uza.
Birinchi muz saroyi hisoblangan "Humo Arena"ning qurilishi 2017 yilning fevralida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Yosh avlod salohiyatini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash dasturi doirasida boshlangan. Sport majmuasi sportni rivojlantirish, uning qishki turlarini ommalashtirish va sportchilarni yangi, jahon darajasiga olib chiqish ishlariga katta turtki bo`ldi.
2019 yilning 15 mart kuni "Humo Arena"ning tantanali ochilish marosimi bo`ldi, unda O`zbekiston Prezidenti shaxsan ishtirok etib, mamlakatda jismoniy jihatdan baquvvat va har tomonlama barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sportni faol targ`ib qilishga alohida ahamiyat berilayotganini ta`kidladi. Uning fikricha, o`zbekistonliklar o`zbek sportining shonli an`analarini tiklash va davom ettirishni o`zlarining burchi, deb biladi.
Tantanali ochilish marosimi sportchilar va san`atkorlar tomonidan tayyorlangan 3D-meppingdan foydalanilgan ajoyib shou-dasturdan iborat bo`ldi. Afsonaviy xokkeychilar va figurali uchish chempionlari marosim mehmonlari bo`lishdi. Musiqali shou-dasturda mashhur san`atkorlar chiqdi.
"Humo Arena" muz saroyi 12,5 ming o`rinli muz arenasi, kichik mashg`ulotlar arenasi, sport muzeyi, mashg`ulot zallari, fitnes-markaz, restoran va sport anjomlari do`konidan iborat. Xokkey, kerling, figurali uchish, short-trek bo`yicha xalqaro turnirlardan tashqari, arena sportning basketbol, voleybol, gandbol futbol, boks, taekvondo, qilichbozlik va boshqa turlari bo`yicha musobaqalarni ham o`tkazishga mo`ljallangan. Bundan tashqari, bu noyob transformer-arena bo`lib, innovasion texnologiyalar tufayli turli-tuman shoular – mumtoz musiqa konsertlaridan tortib zamonaviy estrada konsertlarini tashkil etish imkoniyatiga ega. Shuningdek, rasmiy formatdagi tadbirlar – yirik xalqaro forumlar, anjuman va ko`rgazmalarni o`tkazish uchun ham etarli imkoniyatlar mavjud. Majmua jahon etakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori darajali uskunalari bilan jihozlangan. Bu erda arenadagi tadbirlarni onlayn-translyasiya qilish imkoniyati yaratilgan.
Bu xususiyatlar "Humo Arena" majmuasini haqiqiy ma`noda noyob ko`ngilochar sport inshooti darajasiga ko`taradiki, u aholining barcha qatlamlarining jismoniy va madaniy rivojlanishiga xizmat qiladi. 2019 yilda bu erda 20 ta xokkey o`yini, 3 ta xalqaro sport tadbiri, 12 ta konsert o`tkazildi.
19.12.2019 18:18
"Humo Arena" eng ahamiyatli ob`ektlar ro`yxatiga kiritildi
