19 dekabr kuni poytaxtimizda “Yangi O`zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostidagi munozaralarning navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. “O`zbekistonda keng ko`lamli o`zgarishlar sharoitida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” mavzusiga bag`ishlangan ushbu tadbirda jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari va amalga oshirish mexanizmlari, OAV sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli, so`z va matbuot erkinligi, sohadagi muammolar va rivojlanish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Tadbirda ishtirok etgan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov bugungi islohotlar, o`zgarishlar va siyosiy jarayonlar sharoitida jurnalistlar, blogerlarning o`rni, so`z erkinligini ta`minlash yo`lidagi muammolar yuzasidan berilgan savollarga javob berar ekan, jumladan shunday dedi:
— O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, blogerlar bo`lmasa yoki qattiq nazoratda ushlab turilsa, senzura qilinsa, umuman, ular yopib qo`yilsa yoki bo`g`ilsa bundan kim yutadi? Bugungi internet, texnika asrida jamiyatni boshqa axborot egallaydi, mish-mish ko`payadi. Bizga do`st bo`lmagan, daryoning narigi qirg`og`idagi, atayin buzg`unchilik axborot kampaniyalarini olib borayotgan OAVlar: “Raqobatchilarimizni yo`qotib, yo`limizni ochib bergani uchun O`zbekiston hukumatiga rahmat”, deydi.
K.Allamjonov, shuningdek, avvalroq O`zbekistonda ba`zi ijtimoiy tarmoqlarga kirishga to`siq qo`yilgani va buning oqibati nimalarga olib kelganiga ham to`xtalib o`tdi:
— O`ylab ko`ringchi, axborot maydonida bitta odamning ovozi baland eshitiladimi yoki shovqin bo`lsami? Aytmoqchimanki, bugun orqaga yo`l bor-yo`qligini biz belgilamaymiz. Bu bugungi davr talabi! Ortga yo`l istasak ham yo`q. Uning uchun internetni o`chirib qo`yishimiz kerak. Faqat shundagina ularni to`xtatish mumkin. Lekin bunday qilib ham ko`rildi. Feysbuk, Yutub tarmoqlariga kirishda muammolar bo`ldi-ku... Oqibati nima bo`ldi? Odamlar bu tarmoqlarga kirmay qo`ydimi? Qaytanga VPNdan foydalana boshlashdi va taqiqlangan “zona”larga sakrab o`ta boshladi. Shuning uchun yana bir marta ta`kidlagan bo`lardimki, bugun davlat idoralari, tashkilotlar rahbarlari bir narsani tushunsinki – orqaga yo`l yo`q! Tanlagan yo`limiz shu. Endi shu yo`lda to`g`ri ishlashni, madaniyatni o`rganishimiz, eng asosiysi, Qonunlar ishlashi kerak.






