AsosiyJamiyat

Kasaba uyushmasi bayonot berdi: metro qurilishida halok bo`lganlardan biri xizmat safari sabab kelgan ekan

'Kasaba uyushmasi bayonot berdi: metro qurilishida halok bo`lganlardan biri xizmat safari sabab kelgan ekan'ning rasmi

Toshkent metropoliteni qurilishida ro`y bergan halokat yuzasidan O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi respublika kengashi bayonot berdi.

"Ma`lumki, 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo`lining yangi qurilayotgan qismida baxtsiz hodisa yuz berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig`i bilan avariya oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi sodir bo`lgan hodisaning sabab va oqibatlarini o`rganish, ularni zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a`zolariga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish kabi bir qator vazifalarni amalga oshirdi.
Komissiya ma`lumotlariga ko`ra, ushbu ko`chkiga davomiy yomg`ir sabab bo`lgan, yomg`ir suvlari kotlovan oldida suv haydash uchun qurilgan lotok va beton to`siq orasidagi tuproqni yumshatib yuborgani natijasida er o`pirilib, 250 metr kub tuproq ko`chib, qurilish ob`ektining bir qismini bosib qolgan. Oqibatda 6 nafar ishchi halok bo`ldi. Ularning to`rt nafari (Oybek Abdullaev (1989 y.da tug`ilgan), Davronbek Abdullaev (1999 y.da tug`ilgan), Jonibek Ravshanov (1989 y.da tug`ilgan), Anvar Diyorov (1986 y.da tug`ilgan) Qashqadaryo viloyatidan, ikki nafari esa (Zarif Karimov (1981 y.da tug`ilgan), Ixtiyor Rahmatov (1996 y.da tug`ilgan) Samarqand viloyatidan kelib ishlayotgan bo`lgan.

Ma`lumot uchun: Zarif Karimov “Buxoro mintaqaviy temir yo`l uzeli” UK qarashli “Ziadin” temir yo`l masofasi yo`l sozlovchisi bo`lib ishlagan, u yangi metro qurilishiga xizmat safariga yuborilgan edi.
Oybek Abdullaev, Davronbek Abdullaev, Jonibek Ravshanov, Anvar Diyorov va Ixtiyor Rahmatovlar “Qurilish universal kompakt” pudratchi-quruvchi tashkilot xodimlari sanalar edi.
Hukumat komissiyasi tayinlagan guruh (“O`zbekis­ton temir yo`llari” AJ va O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi vakillari hamda pudratchi-quruvchi tashkilot rahbarlari) tomonidan halok bo`lganlar doimiy yashagan manzillariga etkazildi.
Ularning oila a`zolari va yaqinlariga 100 million so`mdan moddiy yordam berildi. Viloyatlar hokimlik­lari va jamoatchilik vakillari marhumlarning oilasidan xabar olib, zarur yordam ko`rsatishdi.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo`shimcha kompensasiya pullari to`lab berilishi tushuntirildi. Ya`ni, maxsus komissiya 15 kun mobaynida baxtsiz hodisani o`rganib chiqadi, marhumlarning o`limi mehnat vazifalarini bajarish bilan bog`liq holda yuz bergani bois, qonunlarda belgilangan tartibda va miqdorda boshqa to`lovlar ham amalga oshirilishi belgilanadi.
O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi baxtsiz hodisa bo`lguniga qadar ham o`zining zimmasidagi vazifalarni bajarib kelgan.
Xususan, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ boshqaruvining 2019 yil 1 iyul, 26 iyul, 23 avgust va 3 oktyabrdagi buyruqlari bilan Toshkent metropolitenining yangi liniyalarida qurilish ishlarini jadallashtirishga respublikamizning turli hududlaridan ishchi-xodimlar jalb qilingan.
O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 04.11.2019 yildagi 29-14 “s” sonli Rayosat qaroriga asosan ushbu yo`nalishdagi ishlarning borishini doimiy kuzatib borish maqsadida jamoatchilik nazorati guruhlari tuzilgan.
Nazorat guruhi a`zolariga Toshkent metropoliteni yangi liniyalarida olib borilayotgan qurilish ishlariga hududlardan jalb qilingan xodimlarning mehnat muhofazasini ta`minlash hamda munosib mehnat sharoiti yaratish, xodimlar ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, qurilish ishlarida faol qatnashgan ishchi-xodimlarni rag`batlantirish borasida ish beruvchi va kasaba uyushmalariga tavsiyanomalar kiritish, mavjud kamchiliklarni joyida bartaraf etilishining imkoni bo`lmaganda tegishli korxonalar va ish beruvchilarga belgilangan tartibda taqdimnomalar kiritib borish kabi vazifalar topshirilgan.
Bugungi kunda ham yangi metropoliten qurilishi ob`ektlarida 6 ta hududiy kasaba uyushma qo`mita raisi va 53 ta boshlang`ich kasaba uyushma tashkilot raisi o`z xizmat vazifalarini bajarmoqda.
Doimiy faoliyat yurituvchi nazorat komissiya tomonidan qurilish ob`ektlarida mehnat muhofazasi ta`minlanishi va mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan o`rganish ishlari davom ettirilmoqda.
O`zbekiston temiryo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi baxtsiz hodisa tufayli halok bo`lgan yurtdoshlarimizning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi", — deyilgan rasmiy bayonotda.

    Boshqa yangiliklar