O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 20 dekabrdagi 11-son bayoni bilan 2020/2021 o`quv yili qabulidan respublika oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi.
✅ Unga ko`ra, 2020/2021 o`quv yili qabulidan test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo`limga ajratiladi:
👉 Birinchi bo`limga – barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi fanlari kiritiladi.
Mazkur uchala fandan 15 tadan jami 45 ta test topshirig`i beriladi. Har bir to`g`ri javobga 2,1 ball beriladi, maksimal ball – 94,5 ball.
👉 Ikkinchi bo`limga – abiturient tanlagan bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga mos ikkita fan kiritiladi.
Har bir fandan 30 tadan jami 60 ta test savoli beriladi. Har bir to`g`ri javob 3,1 ball bilan baholanadi. Maksimal ball – 186 ball.
Keyingi o`quv yili qabulida abiturientga 5 ta fan bo`yicha jami 105 ta test topshirig`i beriladi. To`plash mumkin bo`lgan maksimal ball – 280,5 ball.






