«The Diplomat» xalqaro internet jurnali muharriri Keti Puts «Tvitter»dagi sahifasida inson huquqlari bo`yicha xorijiy veb-resurslariga kira olmayotgani haqida yozib qoldirgan. «Human Rights Watch» tashkiloti vakili Stiv Sverdlov esa unga javoban inson huquqlari bo`yicha tanqidiy veb resurslarga O`zbekistonda kirish imkoniyati cheklanganini bildirgan.
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullaev «Telegram»dagi rasmiy kanalida ushbu holat yuzasidan Agentlik mutaxassislari o`rganish olib borganligini va yuqorida tilga olingan veb-resurslarga kirishga cheklovlar mavjud emasligi aniqlanganini aytdi.
Shuningdek, O`zbekistonda xorijiy yangiliklar saytlari hamda inson huquqlari bo`yicha veb-resurslarga bo`lgan cheklovlar allaqachon bartaraf etilgan. O`zbekistonning axborot siyosati cheklov va taqiqlarga emas, balki ochiqlikni ta`minlashga qaratilganini yana bir bor eslatib o`tdi.






