1

O`zbekistonga birinchi bo`lib vizasiz rejim bo`yicha tashrif buyurgan sayyoh xitoylik bo`ldi

Jamiyat 03.01.2020, 21:45
O`zbekistonga birinchi bo`lib vizasiz rejim bo`yicha tashrif buyurgan sayyoh xitoylik bo`ldi

2 yanvar kuni Urumchi-Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvoz qilgan aviareysda Xitoy Xalq Respublikasidan vizasiz rejim bo`yicha kelgan ilk mehmonlar Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari tomonidan kutib olindi. 

Qizig`i shundaki, O`zbekiston Respublikasi chegarasidan vizasiz o`tgan birinchi Xitoy fuqarosi Li Ji Lin O`zbekistonga investisiya kiritish maqsadida yurtimizni yaqindan o`rganish uchun tashrif buyurgan ekan.

 “So`nggi yillarda O`zbekistonda barcha sohalarda katta o`zgarishlar bo`layotganini eshitib, mamlakatingizga biznes turizmi bo`yicha tashrif buyurdim, lekin bu darajada chiroyli kutib olishlarini kutmagan edim, ochig`i. O`zbekiston haqida hozircha etarlicha bilimga ega emasman, lekin tashrifim davomida ko`p narsalarni bilib olishga umid qilaman. XXR fuqarolari uchun vizasiz rejimning yo`lga qo`yilishi xitoyliklarga juda katta imkoniyatlar yaratadi. Shaxsan men Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik kompaniya direktoriman. Shu sababli mamlakatingizni o`rganib chiqib, unga katta investisiya kiritishni rejalashtiryapman. Bugungi kunda xitoyliklar dunyo bo`ylab juda ko`p sayohat qilishadi - o`tgan yili 120 million xitoylik dunyo bo`yicha sayohatga chiqqan. Vizasiz rejimning tadbiq qilingani, albatta, yaxshi yangilik bo`ldi. O`ylaymanki, bundan keyin  O`zbekistonga ko`plab xitoyliklar kela boshlashadi”, - deydi Li Ji Lin. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 12 sentyabrdagi 5819-sonli Farmoniga asosan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun 7 kundan ko`p bo`lmagan muddatga O`zbekistonga vizasiz kirish imkoni yaratilgan edi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1