Qaysi mahalliy telekanallar o`zbekistonliklar orasida eng mashhurligi, xususan, Yangi yil oqshomida hamyurtlarimiz qaysi dasturlarni afzal ko`rishgani ma`lum bo`ldi.
Kantar Media Uzbekistan kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra “Sevimli”telekanali reytingda peshqadamga aylandi. Ikkinchi o`rin – “ZO`R TV”, uchinchi o`rin esa, “Milliy” telekanaliga nasib qildi. To`rtinchi o`rinni "Mening Yurtim" telekanali egalladi.
Aniqlanishicha, ushbu telekanallarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi eng ko`p tomosha qilingan (Sevimli telekanalida tomoshabinlar - 29,9%, “ZO`R TV” telekanalida - 18,4%, “Milliy” - 11,7%, “Mening Yurtim” - 5,7% ).
Reytingning qolgan foizlari boshqa davlat va nodavlat telekanallar o`rtasida taqsimlandi.
Albatta, bayram oqshomida tomoshabinlar yorqin, rang-barang va musiqiy ko`rsatuvlarni kutishgan. Yangi yil dasturlari tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg`otdi. Yangi yil arafasida “Sevimli”da namoyish etilgan “Sevimli Yangi yil shousi” (tomoshabinlar - 25,1%) birinchilikni egalladi. “ZO`R TV” da namoyish etilgan "Yangi yil bekati"televizion reytingda ikkinchi o`ringa (19,3%) ko`tarildi, “Sevimli” telekanalidagi "Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi” (14,6%) uchinchi o`rinni egalladi.
“Milliy” telekanalning "Xos mos" (7,7%) va “Yangi yil Ozoda Nursaidova bilan” (6,5%) dasturlari ham tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.
“Mening Yurtim” telekanali tomoshabinlari “Dam shou” (9,5%) ni ma`qul ko`rishdi.
Umuman olganda, Yangi yil arafasida tomoshabinlar orasida eng ko`p ko`rilgan 5 ta ko`rsatuv quyidagilardan iborat:
1. “Fayzli Yangi yil shousi” (“Sevimli”);
2. “Yangi yil bekati” (“ZO`R TV”);
3. “Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi” (“Sevimli”);
4. “Zo`r Yangi yil” (“ZO`R TV”);
5. "Dam shou" (“Mening Yurtim”).
Reytingni tuzish uchun 2019 yil 31 dekabr soat 20:00 dan 2020 yil 00:00 gacha bo`lgan vaqt oralig`i tanlandi.
Eslatib o`tamiz, Kantar Group kompaniyasiga 1992 yilda Buyuk Britaniyada asos solingan bo`lib, ayni paytda 100 dan ortiq mamlakatlarda telekanallar va dasturlar reytingi bilan shug`ullanib keladi. Kompaniyaning hududiy tarmog`i – Kantar Media Uzbekistan mamlakatimizda 2017 yil oktyabr oyidan o`z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.






