“Facebook” hamda “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida A.Nuritdinovning ma`muriy qamoqqa olinganligi haqidagi habarlar yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi.
Andijon viloyat ma`muriy sudining 30.12.2019 yildagi qaroriga ko`ra, A.Nuritdinov MJtKning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o`tash 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ish hujjatlariga ko`ra, Asaka tumani hokimi E.Yakubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o`rta ta`lim maktabining direktori M.Isaqova va Andijon viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i F.Buzrukovlar O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Ishonch telefoniga murojaat qilib, internetning «Facebook» ijtimoiy tarmog`i orqali 2019 yil 4 avgust, 2019 yil 7 oktyabr va 2019 yil 18 oktyabr kunlari «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi tomonidan ularni obro`sizlantiruvchi, shaxsiyatini sharmanda qiluvchi, haqoratli uydirmalar hamda tuhmat va bo`xtondan iborat ma`lumotlarni tarqatganligi uchun qonuniy chora ko`rishni so`raganlar.
Bundan tashqari, B.Qoxxorov Asaka tuman ichki ishlar bo`limiga murojaat qilib, 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10.30 larda Asaka tuman Moliya bo`limi oldida A.Nuritdinov uni jamoat joyida uyatli so`zlar bilan so`kkanligi uchun unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
O`tkazilgan tekshiruv jarayonida Internetning «Facebook» ijtimoiy tarmog`idagi «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt 13.03.1983 yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug`ilgan, Asaka shahar, Ibn Sino MFY, Shinam ko`chasi, 23-uyda yashovchi Nuritdinov Abdufatto Kamolitdinovichga tegishli ekanligi aniqlangan.
Garchand, A.Nuritdinov sudda aybiga iqror bo`lmasdan, internetning «Facebook» ijtimoiy tarmog`i orqali «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt ochib foydalanishini, yuqoridagi shaxslarga nisbatan «Facebook» ijtimoiy tarmog`ida bildirgan o`zining fikrlarini hokimiyat vakillarini hamda fuqarolarni obro`sizlantirish va haqorat qilish deb bilmasligini, 30.12.2019 yilda hech kimga so`kinmaganligini bildirsada, uning aybi jabrlanuvchi B.Qoxxorov, guvohlar D.Rasulov, J.Ismoilov, jabrlanuvchi M.Isaqova, guvoh F.Raximova, guvoh Sh.Usmonov va boshqalarning tushuntirishlari hamda surishtiruv jarayonida to`plangan “Facebook” ijtimoiy tarmog`idan olinib, nusxalari ilova qilingan yozishmalar va fotolavhalar, o`rganish ma`lumotnomalari va ularga ilova qilingan hujjatlar hamda ish bo`yicha to`plangan boshqa dalillar majmui bilan o`z isbotini topgan.
Mazkur ma`muriy ish bo`yicha sud qarorining qonuniyligi bilan kelishildi.
Avvalroq Mazkur ma`muriy ishni kassasiya tartibida ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud majlisi 2020 yil 4 yanvar kuni soat 11.00 ga tayinlanganligi ma`lum qilingandi.






