AsosiyJamiyat

O`z davlatida akkreditasiyadan o`tmagan xorijiy OTMning diplomi O`zbekistonda ham tan olinmaydi

'O`z davlatida akkreditasiyadan o`tmagan xorijiy OTMning diplomi O`zbekistonda ham tan olinmaydi'ning rasmi

O`tgan oyda O`zbekistonda oliy ta`lim muassasasi sifatida faoliyat ko`rsatish huquqi ega bo`lmagan tashkilotlari haqida xabar berilganidan so`ng, bir qator Rossiya Federasiya OTMlari va yurtimizdagi konsalting tashkilotlari tomonidan ushbu xabarga e`tirozli munosabat bildirildi. Ushbu vaziyat yuzasidan Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig`i Ulug`bek Tashkenbaev aniqlik kiritadi. 

– Yoshlarimizning oliy ta`lim olishga bo`lgan ishtiyoqi juda yuqori. Ularga imkon yaratish maqsadida Prezident tashabbuslari bilan joriy yilda respublikamizda bir qator xorijiy oliy ta`lim muassasalarining filiallari ochildi hamda OTMlarimizda xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qo`shma dasturlar, fakultetlar tashkil etildi. 

Bundan tashqari, xorijiy OTMlar tomonidan berilgan diplomlarni tan olish tartibi soddalashtirildi. O`zbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federasiyasi hukumati o`rtasida ta`lim, malaka va ilmiy darajalarni o`zaro tan olish to`g`risida bitim imzolandi. 

Respublikamizdagi nodavlat ta`lim tashkilotlariga lisenziyalar berish hamda xorijiy mamlakatlarda berilgan ta`lim to`g`risidagi hujjatlarni tan olish ishlarini tashkil etish inspeksiyamiz asosiy vazifalariga kiradi. Shu sababli yoshlarimiz diplomi to`g`ridan-to`g`ri yoki sinovlarsiz tan olinadigan OTM tanlashda adashmaslik uchun inspeksiyamizga murojaat qilishadi. So`ngi oylarda ushbu murojaatlar soni keskin oshib ketdi va fuqarolarni eng qiziqtirgan savollarga javoblarni e`lon qilib bordik. 

Xorijiy OTMning diplomi O`zbekistonda tan olinishi uchun ushbu muassasa o`z davlatida oliy ta`lim muassasasi sifatida davlat akkreditasiyasidan o`tgan bo`lishi lozim, agar muassasa ushbu jarayondan o`tmagan bo`lsa, uning diplomi o`sha davlatning o`zida ham tan olinmaydi. Ayrim konsalting tashkilotlari o`zlari hamkorlik qiladigan xorijiy OTMga ko`proq odam jalb qilish orqali ko`proq daromad ko`rish maqsadida uning O`zbekiston filiali ochildi yoki uning diplomi yurtimizda to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi deya targ`ibot ishlarini amalga oshirishgan.

Bundan tashqari, bizga qo`shni bo`lgan davlatlarning chegaraga yaqin hududlarida OTM ochib, kam mablag` evaziga o`qitamiz, O`zbekistonga hech qanday sinovlarsiz ko`chirib o`tasiz yoki diplomimiz to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi deb targ`ibot qilishmoqda.

Tushunarli bo`lishi uchun bu vaziyatni uch xil holatga bo`lib izohlab o`taman:

Birinchi holatda, konsalting tashkilotlari targ`ib qilayotgan ayrim xorijiy OTMlari o`z davlatida akkreditasiyasi yo`q va O`zbekiston hududida ham faoliyat ko`rsatish uchun lisenziya ham olmagan.

Ikkinchi holatda, o`z davlatida akkreditasiyalangan bo`lsa-da, ta`lim shaklini O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta`lim shaklida olib borish taklif etilmoqda. Bu holatda ularning diplomi tan olinmaydi. Masalan, ixtiyoriy bir xorijiy davlatdagi akkreditasiyasi bor oliy ta`lim muassasasi O`zbekistonlik yoshlarga masofadan o`qish yoki sirtqi shaklda 3 yil hajmda oliy ta`lim berish taklifini konsalting tashkilotlari yoki internet tarmog`i orqali bermoqda, natijada yurtdoshlarimiz bu taklifga rozi bo`lib pullarini bermoqda. Bunday shaklda o`qib tugatgandan keyin olingan diplomi O`zbekistonda magistraturani davom ettirish yoki ishlash uchun tan olishda muammolarga duch keladi.

Uchinchi holat konsalting tashkiloti yoki o`quv markazi sifatida lisenziyasi bo`lgan ayrim tashkilotlar fuqarolarga o`zini xorijiy OTM filiali sifatida tanishtirish orqali ko`proq mijozlarni jalb qilishga intilishini ko`rsatish mumkin. Ya`ni ushbu tashkilotning OTM sifatida diplom berishga huquqi yo`q, ular faqat OTMga tayyorgarlik ko`rishga yoki hujjat tayyorlashga ko`maklasha oladi.

Shuning uchun, fuqarolarimizdan xorijiy oliy ta`lim muassasasini tashlashda uni oliy ta`lim muassasasi sifatida davlat akkreditasiyadan o`tganligi, ushbu faoliyat turi uchun lisenziyasi borligi hamda ta`lim O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan ta`lim shakllarida olib borilishiga e`tibor qaratishlari lozim.

Aynan Rossiya oliy ta`lim muassasalariga keladigan bo`lsak, bu erda xalqaro darajada sifatli ta`lim beriladigan universitet va institutlar talaygina, ularni tugatgan yoshlarimiz malakali mutaxassis bo`lib yurtimizga qaytib ishlashlari uchun sharoit yaratildi. Bundan tashqari, Rossiya OTMlarining filiallari, qo`shma fakultetlar ochildi. Ilg`or tajribalarni o`rganish, yurtimizda ta`lim sifatini oshirish bo`yicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Ayrim tashkilotlar Rossiya oliy ta`lim muassasasi degan nomdan foydalanib, yoshlarimizni chalg`itib pul topishga intilmoqda. Rossiya Federasiyasining Fan va ta`lim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) ma`lumotlariga ko`ra, 2013 yilgacha Rossiyada OTMlari soni 2,5 mingdan oshib ketgan, shundan 500 tasi nodavlat oliy ta`lim muassasalari bo`lgan. 

Ta`lim sifati uchun qattiq kurash boshlaganidan keyin ularning soni deyarli yarmiga qisqargan. Ushbu jarayonda akkreditasiyasidan ayrilgan OTMlarning yurtimizda targ`ibot qilib, yoshlarimizni jalb qilishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi. Hozirda mazkur masala bo`yicha Rossiya Federasiyasining Fan va ta`lim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) bilan hamkorlik qilmoqdamiz. 

    Boshqa yangiliklar