1

Muftiy Usmonxon Alimov El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi

Jamiyat 06.01.2020, 12:44
Muftiy Usmonxon Alimov El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi

Bugun, 6 yanvar kuni tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni tiklash va asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy g`oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo`shgani, ko`p yillik samarali faoliyati, uzoq yillardan buyon muborak islom dinining insonparvarlik, bag`rikenglik, oliyjanoblik g`oyalarini keng targ`ib qilib kelayotgan O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Farmoniga asosan «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqida O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan, Din ishlari bo`yicha qo`mita jamoasi muftiy hazratlarini yuksak davlat mukofoti bilan tabriklaydi, kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

Ta`kidlash kerakki, «El-yurt hurmati» ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy ma`naviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qo`shgan, o`z mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchiligining izzat-hurmatiga sazovor bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar.

Ma`lumot o`rnida: O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ziyoli oilada tavallud topganlar. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi vazifasida, 1987-1989 yillarda, so`ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritganlar. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda O`zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlaganlar.
Usmonxon Alimov hazratlari 2006 yil 8 avgustda O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, 14 yildan buyon shu lavozimda samarali faoliyat olib bormoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obro`-e`tiborli ulamolardan biridir. 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta`sis majlisining a`zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a`zosi etib saylanganlar.

So`nggi yillarda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro e`tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e`lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro`yxatidan munosib o`rin egalladilar. U o`tgan 10 yildan buyon ushbu ro`yxatdan mustahkam joy olib kelmoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi hamda tele, radio dasturlarda dolzarb mavzularda chiqishlar qilgan.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari davrlarida O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan qo`shni va xorij davlatlari musulmonlari diniy idorasi o`rtasidagi do`stona munosabatlarni o`rnatishga erishildi.
Darhaqiqat, o`z mehnati samarasini ko`rish, ulkan xizmatlari e`tirof etilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo`lish, mamlakatning iftixoriga aylanish har bir inson uchun katta baxt, eng oliy saodatdir.
Yana bir bor muftiy hazratlarini yuksak mukofot bilan tabriklaymiz!

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1