AsosiyJamiyat

Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari belgilandi

'Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari belgilandi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlikka byudjetdan tashqari mablag`lar hisobiga uchta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratadi.

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Agentlikni zarur aloqa, jumladan, hukumat aloqasi bilan ta`minlaydi.

Agentlik Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Istiqlol ko`chasi, 29-uyda joylashtiriladi.

Hujjat bilan tasdiqlangan Moliya vazirligi huzuridagi Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligi to`g`risidagi nizomga ko`ra, agentlik sug`urta bozorini tartibga solish va rivojlantirish bo`yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda sug`urta munosabatlari barcha ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta`minlaydi, shuningdek, o`z faoliyatida Moliya vazirligiga hisobot beradi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

sug`urta bozorining ishlashi va uning professional ishtirokchilari faoliyati ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan sug`urta faoliyati sohasidagi statistik va moliyaviy ko`rsatkichlarni muntazam e`lon qilish yo`li bilan ta`minlash;

sug`urta xizmatlari iste`molchilari va sug`urta munosabatlarining boshqa ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlash, aholining sug`urta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sug`urta madaniyatini rivojlantirishga ko`maklashish;

sug`urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan chet elda, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishga ko`maklashish;

sug`urtalovchilarning to`lov qobiliyati, sug`urta zaxiralarini shakllantirish va ulardan foydalanish bo`yicha majburiy normativ va talablarni belgilash, shuningdek, samarali sug`urta faoliyatini tashkil etish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

sug`urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sug`urta faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, ularning moliyaviy barqarorligini ta`minlash bo`yicha belgilangan normativ va talablarga rioya etilishini nazorat qilish;

sug`urtalovchilar (qayta sug`urtalovchilar) va sug`urta brokerlarining sug`urta faoliyatini lisenziyalash, aktuariylar faoliyatini sertifikatlash;

sug`urta bozorining holati va uning professional ishtirokchilari faoliyatining hisobi va hisobotini yuritish, masofaviy nazorat qilish va tezkor onlayn-monitoringini olib borish bo`yicha integrasiyalashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish;

aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining o`sib borayotgan ehtiyojlarini ta`minlashga qaratilgan sug`urta xizmatlarining talab yuqori bo`lgan an`anaviy turlarini rivojlantirishga va yangi turlarini joriy qilishga ko`maklashish, qishloq xo`jaligi faoliyati sohasida sug`urta himoyasini kuchaytirish;

xorijiy davlatlarning o`xshash tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan sug`urta faoliyati sohasida hamkorlikni tashkil etish.

    Boshqa yangiliklar