5 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga o`tkazilgan takroriy ovoz berish natijalari bugun, 6 yanvar kuni e`lon qilingani haqida xabar bergan edik. “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov deputatlikka saylanganiga qaramay, takroriy ovoz berish natijalaridan qoniqmaganini aytib chiqdi.
“Ikkinchi tur natijalari O`zMTDP uchun mutlaqo qoniqarsiz! Bu muvaffaqiyatsizlikning sabablarini, albatta, batafsil tahlil qilamiz va tegishli xulosalar chiqariladi.
Umumiy natija bo`yicha Parlamentdagi o`rnimizni saqlab qoldik. Bu dasturimizda belgilangan vazifalarni tashabbus qilish uchun etarli, lekin amalga oshirish uchun kam!”
U so`zida davom etarkan, mavjud parlament bilan kelishuvga erishsa, ittifoq sifatida faoliyat davom ettirishini, yo`qsa muxolifatga aylanishini ma`lum qildi, deya xabar beradi Qalampir.uz. Jumladan u shunday deydi:
“Kelisha olsak ittifoq, aksincha, muxolifat”.
Takroriy saylov natijalariga ko`ra, Qonunchilik palatasidagi o`rinlar quyidagicha taqsimlandi:
O`zbekiston Liberal demokratik partiyasi - 53 nafar (35 foiz);
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi - 36 nafar (24 foiz);
“Adolat” Sosial-demokratik partiyasi - 24 nafar (16 foiz);
Xalq demokratik partiyasi - 22 nafar (15 foiz);
Ekologik partiya - 15 nafar (10 foiz).
“O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga muvofiq, Bosh vazir nomzodini ko`rsatish huquqiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ega bo`ldi.






