Bog`ot tumanining Qipchoq qishlog`ida yashovchi 21 yoshli Yoqubboy Do`smetov kuni kecha suvga cho`kayotgan ayolning hayotini qutqarib qoldi. Bu haqda "xabar.uz" xabar qildi.
— Akam bilan «gaz zapravka»ga ketayotgan edik, — deya voqea xususida hikoya qiladi Yo.Do`smetov. – Bizga qarama-qarshi yo`nalishda kelayotgan mashina haydovchisi (ayol): «Anavi ko`prikda bir qiz o`zini suvga tashlamoqchi bo`lib turibdi», deb qichqirdi. Biz o`sha tomonga shoshildik. Etib borganimiz zahoti yoshgina ayol o`zini Polvonyop kanaliga otdi...
Eni salkam 70 metr bo`lgan kanal suvi shitob bilan oqardi. Yo`l-yo`lakay kiyimlarimni echgancha kanalning quyiroq qismiga yugirib borgan Yoqubboy o`zini suvga tashlaydi. Kanalning o`rtarog`iga suzib borgunicha ayol goh cho`kib, goh suv yuziga qalqib chiqardi. Yigit uning kiyimidan mahkam ushlagancha qirg`oqqa bazo`r olib chiqadi...
So`ng darhol eng yaqin xonadonga olib boriladi. Xonadon egalari shosha-pishgancha ayolga birlamchi yordam ko`rsatishga kirishadi...
Xonadon sohibasi Iroda Abdukarimova qizlari bilan birgalikda ayolning jiqqa ho`l kiyimlarini almashtirib, issiq qahva ichirishadi va qalin ko`rpaga o`rab qo`yishadi. Ayol sal o`tmay o`ziga keladi va ho`ngrab yig`lab yuboradi...
Aniqlanishicha, o`zini suvga tashlagan ayol Hazorasp tumani Bo`ston qishlog`ida yashovchi 23 yoshli N.N bo`lib, mahalla faollaridan birining kelini ekan. Yaqinda ko`zi yorigan yosh kelinchak oilaviy janjallar tufayli qattiq tushkunlikka tushgan va...
Bugungi kunda N.N Bog`otda, o`zi tug`ilib o`sgan ota-onasining uyida davolanmoqda. Voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xabari bor yoki yo`qligi bizga ma`lum emas.
— Qish fasli qirchillab o`tadigan Xorazmda yanvar oyida suvga sakrab, cho`kayotgan odamni qutqarish uchun kishining vijdoni sof va iymoni kuchli bo`lishi kerak. Yoqubboyga ham oson bo`lgani yo`q. U bu xaloskorligidan so`ng isitmalab bir necha kun yotib qoldi. Lekin u qilgan savob ishidan mamnun, — deydi xaloskor yigitning qo`shnisi «Bo`ka» fuqarolar yig`ini maslahatchisi Dilbar Olimova.






