O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev Vatan himoyachilari bayrami arafasida, 10 yanvar kuni Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari bu erga 2017 yil yanvar oyida kelib, harbiy ta`limni takomillashtirish, o`sha paytdagi Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti negizida mutlaqo yangi o`quv muassasasi tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi. Ko`p o`tmay, Prezidentning tegishli qarori qabul qilinib, bu erda xorijning ilg`or texnologiyalari va zamonaviy o`quv vositalarini mujassam etgan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi. 2018 yil yanvarda Oliy Bosh Qo`mondon mazkur yangilangan ta`lim maskani faoliyati bilan tanishgan edi.
Bugun akademiya ham sharoit, ham mazmun jihatidan tubdan o`zgargan. Auditoriyalar kompyuter texnikasi, o`quv va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Zamonaviy situasion markaz, trenajyorlar tashkil etilgan.
O`tgan yili bu erda modernizasiya ishlari davom ettirilib, yangi ob`ektlar qurildi. Kursantlarning o`qishi va jangovar mashg`ulotlar o`tashi, sport bilan shug`ullanishi uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratildi.
Akademiya qoshida mamlakatimizning barcha harbiy ta`lim yo`nalishidagi oliy va o`rta maxsus bilim yurtlarida o`quv jarayoni va ilmiy ishlarni muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tuzildi.
Prezidentimiz o`quv muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha sa`y-harakatlar natijasi hamda foydalanishga topshirilgan zamonaviy ta`lim infratuzilmasi ob`ektlari bilan tanishdi.
O`quv binosida harbiy texnikaning asosiy namunalari bo`yicha dinamik kompyuter trenajyorlar imkoniyatlari namoyish qilindi, akademiya kursantlarining ixtirochilik va innovasion ishlanmalari haqida ma`lumot berildi.
– Barcha sohalar qatori harbiy ta`lim bo`yicha ham doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak bo`lsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Harbiylarimiz, kursant va tinglovchilar eng ilg`or, innovasion bilim va ko`nikmalarni egallashi, soha bo`yicha dunyodagi yangiliklardan xabardor bo`lishi, doim izlanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz kursantlarni mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. O`quv xonalari, yotoqxona va suzish havzasidagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi.






