O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalqaro shartnomalarga qo`shilish to`g`risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur hujjat bilan O`zbekiston Xavfli yuklarni xalqaro yo`llarda tashish to`g`risidagi Evropa bitimiga (Jeneva, 30 sentyabr 1957 yil) hamda mazkur Bitimga o`zgartirishlar kiritish haqidagi Protokolga (Jeneva, 28 oktyabr 1993 yil) qo`shildi, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi yuqorida ko`rsatilgan xalqaro shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan mas`ul vakolatli organlar etib belgilandi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomalarga qo`shilishi hamda ularni amalga oshirish uchun mas`ul bo`lgan vakolatli organlar haqidagi tegishli bildirishnomani depozitariyga yuboradi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnomalar O`zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirganidan keyin O`zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta`minlaydi.
Xavfli yuklarni xalqaro yo`llarda tashish to`g`risidagi Evropa bitimi 1968 yilning 29 yanvaridan kuchga kirgan bo`lib, 51 mamlakat jumladan Ozarbayjoni, Belorussiya, Gruziya, Qozog`iston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va Ukraina unga a`zodir.
Evropa bitimining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- odamlar, uskunalar va tuzilmalar hamda atrof-muhit xavfsizligini ta`minlash;
- xavfli yuklarni ortish, tashish va saqlash vaqtida xatarlarni maqbul darajagacha kamaytirish;
- xavfli yuklar tasnifiga kiruvchi tovarlar bilan savdo jarayonlarini tezlashtirish va tartibga solish.






