Joriy yilning 10 yanvar kuni Rossiya Federasiyasi harbiy sudi 24 yoshli O`zbekiston fuqarosi Shermuhammad Shamsiddinovni ijtimoiy tarmoqlarda terrorizmni targ`ib qiluvchi materiallar joylashtirgani uchun 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Rossiya Federasiyasi Bosh prokuraturasi rasmiy veb-saytiga asoslanib, xabar berildi.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, 2016 yil iyuldan 2018 yil iyuniga qadar Shermuhammad Shamsiddinov o`zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida «terroristik tashkilotlar faoliyatini oqlash, zo`ravonlik g`oyalarini targ`ib qilish, terrorchilik harakatlari zarurligini asoslash, shuningdek, terrorchilik tashkilotlariga qo`shilishga chaqiriqlar» bo`lgan audio va videofayllarni joylashtirgan.
Sud uni Rossiya Federasiyasi Jinoyat kodeksi 205.2-moddasi 2-qismi («Terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga chaqirish, terrorizmni oqlash va «Internet» axborot-telekommunikasiya tarmog`idan foydalangan holda terrorizmni targ`ib qilish»)da aybdor deb topdi. O`zbekistonlik yigit jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o`tashi belgilandi, unga uch yil davomida saytlarni yaratish va boshqarish bilan bog`liq faoliyat bilan shug`ullanish taqiqlandi.
Bayonotda ta`kidlanishicha, hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.






