Xitoyning Uxan shahrida noma`lum pnevmoniya kasalligi qayd etilgani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda ushbu kasallikdan vafot etganlik holati aniqlandi. Bu haqda TIV xabar berdi.
O`zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi bergan ma`lumotga ko`ra Xitoy rasmiy idoralari 2020-yil 11-yanvar kuni Uxan shahrida koronavirusning yangi tipidan vafot etgan birinchi fuqaro haqida xabar berdi. Uxan shahri sog`liqni saqlash masalalari bo`yicha qo`mitasi tarqatgan ma`lumotga binoan bugungi kunda 40 dan oshiq kishi kasallangan, yana yuzga yaqin kishi tibbiy kuzatuv ostida.
Kasallik tarqatuvchisi “koronavirusning avval ma`lum bo`lmagan tipi” hisoblanadi. Olimlar tomonidan virus genomi o`rganib chiqildi.
Elchixona Konsullik bo`limi Uxan shahrida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari bilan tushuntirish ishlari o`tkazdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV Konsullik-huquqiy departamenti Xitoy, xususan uning Xubey provinsiyasi va Uxan shahrida bo`lib turgan yoki bormoqchi bo`lgan vatandoshlarimizni zaruriy ehtiyot choralarini ko`rishga chaqiradi