Xorijda ishga joylashtirishni va`da qilgan MChJ rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atildi. Bu haqda Toshkent shahri IIBB ma`lum qildi.
Internet tarmog`ida tarqalgan videoda fuqarolar “Rekrut Consulting work hususiy bandlik agentligi” MChJ ishchilari ularga Shveysariya va Avstriyada ishga joylashishda yordam berishlarini va`da qilib, xizmat uchun pul olgach va`dalarida turmaganliklari ma`lum qilingan. Shu sababli aldangan fuqarolar videomurojaatni internetga joylashtirishga qaror qilishgan.
“Ma`lum qilamizki, o`tgan yilning iyul oyida 37 yoshli Durdona I., 45 yoshli Marhabo K.lar yuqoridagi mas`uliyati cheklangan jamiyatga murojaat qilishgan va u erda ularga 25 million so`m va 16 million so`m evaziga qarindoshlarini chet elda ishga joylashtirishni va`da qilishgan. Shu bilan birga korxona tomonidan bir martalik konsultasiya uchun shartnoma tuzilib, fuqarolarga taqdim etilgan. Aldangan ayollar ushbu shartnomalarni imzolaganlar va to`lov to`liq MChJ hisob raqamiga o`tkazilgan.
Tergov davomida aniqlanishicha, ushbu ayollardan tashqari mazkur MChJga yana 22 kishi murojaat qilishgan va ularga ham xuddi shunday shartnomalar taqdim etilib, jami 445.000.000 so`m olingan. MChJ rahbarlari va`da qilgan ishlarini bajarmasdan, pullarni o`z ehtiyojlariga sarflaganlar.
Ushbu fakt asosida ushbu MChJ rahbarlariga nisbatan 2019 yil 23-noyabr kuni Toshkent shahar prokurori tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 4-qismi bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi.
2019 yil 23-dekabr kuni MChJ ofisida o`tkazilgan tintuv davomida ashyoviy dalillar sifatida quyidagilar topildi: imzolangan shartnomalar, sertifikat, muhr va boshqa hujjatlar. 2019 yil 27-dekabr kuni MChJning hisob raqami “muzlatildi” — deyiladia IIBB xabarida.
Ma`lumot uchun: “Rekrut Consulting work hususiy bandlik agentligi” MChJning jinoiy faoliyatidan jabr ko`rganlar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishlari mumkin: 71-281-90-75, 71-252-55-02, 71-281-92-31, 71-281-91-85.






