AsosiyJamiyat

To`ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi

'To`ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi'ning rasmi

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining sessiyasi o`tkazildi. Sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o`rinbosarlari, viloyat hokimligining boshqarma va bo`limlari rahbarlari, viloyat Kengashi deputati bo`lmagan shahar va tuman hokimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

O`zbekiston Konstitusiyasining 98-moddasi, shuningdek “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunning 2-moddasiga binoan viloyat hokimligiga nomzod O`zbekiston prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o`tkazilganidan so`ng ushbu Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi belgilangan.

Aziz Abduhakimovning ma`lum qilishicha, qonunchilikning bu talabidan kelib chiqib, O`zbekiston prezidenti tomonidan viloyat hokimligiga To`ra Abdievich Bobolov nomzodi tavsiya etildi. nomzod bo`yicha partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o`tkazildi. 

Sessiyada “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi qonunning 2-moddasiga ko`ra To`ra Bobolovni Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritildi. Deputatlar To`ra Bobolovni Surxondaryo viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqladi. 

To`ra Bobolov 1970 yilda tug`ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1994 yildan 2003 yilgacha O`zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2003-2004 yillarda Surxondaryo viloyati Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi, 2004-2016 yillarda O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig`i, 2016-2017 yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig`ma boshqarmasi boshlig`i bo`lgan. U 2017 yildan 2019 yil apreliga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari edi. 2019 yil 1 may kuni To`ra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

    Boshqa yangiliklar