Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) dunyoning 2019 yildagi “eng o`qimishli mamlakatlari” reytingini e`lon qildi.
Mazkur reytingga ko`ra, Kanada 56,71 foizlik oliy ma`lumotli aholisi bilan birinchi, 51,44 foizlik ko`rsatkich bilan Yaponiya ikkinchi va 50,92 foiz aholisi oliy ma`lumot bilan qamrab olingan Isroil uchinchi o`rinni egallab turibdi.
Shu erda qiziqarli fakt. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi farmonida yana 10 yildan keyin mamlakat aholisining 50 foizi oliy ma`lumotli bo`lishi kerakligi aytilgan. Bu o`sha yilga borib O`zbekiston ushbu reytingda, deylik kuchli 10 talikka kirishi kerak, degani.
Hozircha, bu natijaga erishish qay darajada mumkin yo yo`qligi haqida fikr bildirishdan yiroqman. Lekin 2019 yil yakuni bo`yicha qiziq statistikani keltirish mumkin. Ya`ni, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi yoshlarni oliy ta`lim bilan qamrab olish bo`yicha 20 foizlik dovondan o`tgan. Endi oldinda 25 (2020 yil yakuniga qadar), 30 (2024 yilgacha) va 35 (20206 yilgacha) foizlik natijani qayd etish vazifasi turibdi.
Mendagi ma`lumotlarga qaraganda, vazirlik ushbu natijaga qo`shma ta`lim dasturlari, xorijiy oliy ta`lim muassasalarining O`zbekistondagi filiallari va O`zbekistonning o`zida ochiladigan yangi ta`lim yo`nalishlarini ochish orqali erishmoqchi.
Xususan, 2019 yil yakunlariga qaraganda, birgina 2019 yilning o`zida 14 ta yangi OTM tashkil etilgan va ushbu ta`lim muassasalarining bakalavriat bosqichlarida 40 ta ta`lim yo`anlishi, magistraturada 41 ta yangi mutaxassislik joriy etilgan. Shuningdek, qabul ko`rsatkichlari soni 121 mingdan oshgan. Solishtirish uchun, bu 2016 yilga qaraganda, qariyb 2 baravar ko`p, degani.
Xullas, bizda Oliy ta`limning kelajakdagi tasavvuri shunday. Agar vaziyat shu zaylda davom etadigan bo`lsa, balki yuqorida aytganim, mana shunaqa reytinglarda ham ko`rinish berib qolarmiz. Faqat, bir masala, o`rtada son deb, sifatni unutmasak, bo`lgani.
P.S: Ushbu reytingda dunyoning eng kuchli 40 ta mamlakati o`rin olgan.