Bugun, 13 yanvar kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq ilk sessiyasi o`tkazildi. Sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o`rinbosarlari, viloyat hokimligining boshqarma va bo`limlari rahbarlari, viloyat Kengashi deputati bo`lmagan shahar va tuman hokimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vakili Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etdi.
O`zbekiston Konstitusiyasining 98-moddasi, shuningdek “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunning 2-moddasiga binoan viloyat hokimligiga nomzod O`zbekiston prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o`tkazilganidan so`ng ushbu Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi belgilangan.
Abdujabbor Abduvohidovning ma`lum qilishicha, qonunchilikning bu talabidan kelib chiqib, O`zbekiston prezidenti tomonidan viloyat hokimligiga O`ktam Isoevich Barnoev nomzodi tavsiya etildi. Nomzod bo`yicha partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o`tkazildi.
Sessiyada “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi qonunning 2-moddasiga ko`ra O`ktam Isoevich Barnoev Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritildi. Deputatlar O`ktam Isoevich Barnoevni Buxoro viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqladi.






