AsosiyJamiyat

Toshkentda II Xalqaro yuridik forumga tayyorgarlik boshlandi

'Toshkentda II Xalqaro yuridik forumga tayyorgarlik boshlandi'ning rasmi

2020 yilning 23-25 aprel kunlari Toshkent shahrida “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi bo`lib o`tadi.

Forum O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda deya xabar berdi vazirlik Matbuot xizmati. 

2019 yilda o`tkazilgan Xalqaro yuridik forum ham mahalliy, ham xorijiy mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani tashkilotchilarni tadbirni 2020 yilda ham tashkil qilishga undadi.

Ma`lumot uchun: “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi ilk marotaba 2019 yilning aprel oyida tashkil etildi. Unda 1 200 nafardan ortiq huquqshunos va boshqa sohalar mutaxassislari ishtirok etib, ulardan 250 nafari 40 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan xorijiy ishtirokchilardir. Forum sessiyalarida umumiy hisobda 134  nafar, shundan 100 nafar xorijlik ekspertlar ma`ruza qildilar, Forum doirasida 12 ta hamkorlik bo`yicha bitim va memorandumlar imzolandi. Forum tadbirlari 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy OAV lar tomonidan yoritildi.

Bugungi kunda, IT-texnologiyalarning inson hayotida keng o`rin egallashi, globallashuvning kuchayishi va Internet jahon axborot tarmog`ining  kengayishi huquq sohalariga ham bevosita ta`sir o`tkazayotganini, ushbu masalalarni huquqiy tartibga solish muhim ekanligini inobatga olib, II Xalqaro yuridik forumning bosh mavzusi “Huquq 4.0” deb nomlandi hamda munozara sessiyalari mavzulari asosan To`rtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning o`rniga bag`ishlanadi.

Shu bilan birga, Forum tadbirlari davomida mediasiya, arbitraj, advokatura, korporativ boshqaruv, qimmatli qog`ozlar, intellektual mulk, davlat xususiy sheriklik, korrupsiyaga qarshi kurash va komplaens, monopoliyaga qarshi kurash, huquqiy ta`lim va fan va boshqa ko`plab dolzarb mavzular muhokama qilinadi. 

Forumda O`zbekiston va bir qator xorijiy mamlakatlar adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning etakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda. 

Tadbir qatnashchilari 20 ga yaqin munozara sessiyalari, davra suhbatlari, master-klass va taqdimotlarda ishtirok etishlari, xalqaro darajadagi va milliy ekspertlar leksiyalarini tinglash imkoniyatiga ega bo`ladilar.

Forum tadbirlari o`zbek,rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Forumda ishtirok etishni hohlovchilar http://tashkentlawspring.uz sayti orqali onlayn ro`yxatdan o`tishlari mumkin.

Forumni yoritish istagida bo`lgan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditasiyasi 2020-yilning 
1-martidan boshlanadi va 15-aprelida to`xtatiladi.

Forum haqida batafsil ma`lumotlarni http://tashkentlawspring.uz  sayti yoki Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining (+99871) 268-28-41, (+99871) 268-28-43 telefon raqamlari orqali olish mumkin. 

P.S. Xalqaro va mahalliy tijorat va notijorat tashkilotlari Forum doirasida homiylik yoki hamkorlik qilishlari mumkin. Homiylik va hamkorlik masalalari bo`yicha aloqa: 

elektron manzil: sponsorship@tashkentlawspring.uz;

telefon: (+99871) 268 29 11.

    Boshqa yangiliklar