AsosiyJamiyat

Yaqin kunlarda Prezidentning yangi shakllantirilgan Parlamentga an`anaviy murojaatnomasi kutilmoqda. Yoxud yangi deputatlar qachon vazifasiga kirishadi?

'Yaqin kunlarda Prezidentning yangi shakllantirilgan Parlamentga an`anaviy murojaatnomasi kutilmoqda. Yoxud yangi deputatlar qachon vazifasiga kirishadi?'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlar o`z yakuniga etdi. Deputatlar qachondan boshlab o`z vazifasiga kirishadi, Bosh vazir lavozimiga nomzod ko`rsatish qachon amalga oshiriladi degan savollar ko`pchilikni qiziqtirmoqda. Bu savollarga Huquqiy axborot kanalida javob berildi.

Ushbu jarayon quyidagi tartibda amalga oshadi:

Birinchi, Konstitusiyaga asosan, vakolat muddati tugagach, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar o`z faoliyatini davom ettirib turadi.

Ikkinchi, Senat a`zolarining saylovi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy kengashlar deputatlari saylanganidan keyin 1 oydan kechiktirmay o`tkaziladi. 

Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining hamda tegishli mahalliy Kengashlarining qo`shma majlisida amalga oshiriladi. 

Ma`lumot uchun: Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga ko`ra, Senat a`zolari saylovi bo`yicha vakillik organlari deputatlarining qo`shma majlislari 2020 yilning 16-17 yanvar kunlari o`tkaziladi.

Uchinchi, Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay, Senatning birinchi majlisi esa Senat shakllantirilganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasining chaqirig`iga asosan o`tkaziladi.

Birinchi majlislarda tegishlicha Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri saylanadi, palatalarning qo`mitalari tuziladi hamda faoliyatini tashkil etish bilan bog`liq boshqa masalalar ham ko`rib chiqiladi. 

Aynan shu majlisdan so`ng yangi saylangan deputatlar va senatorlar o`z vazifasiga kirishadi.

To`rtinchi, Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o`z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar o`z faoliyatini davom ettirib turadi.

Vazirlar Mahkamasining o`z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi yangi shakllantirilgan Senatning birinchi majlisi o`tkazilgan kunda Oliy Majlisning palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi. 

 

Beshinchi, Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko`p deputatlik o`rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko`p deputatlik o`rinlarini qo`lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. 

Prezident taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko`rib chiqqanidan keyin o`n kun muddat ichida uni Oliy Majlis palatalarining ko`rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi. 

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oliy Majlis a`zolari umumiy sonining yarmidan ko`pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Oltinchi, Vazirlar Mahkamasi a`zoligiga (jumladan, vazirlar, davlat qo`mitalari raislari) nomzod Qonunchilik palatasidagi mas`ul qo`mita, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko`rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko`rib chiqiladi va ma`qullanadi.

Vazirlar Mahkamasi a`zosi lavozimiga nomzod uning nomzodini Qonunchilik palatasida ko`rib chiqish va ma`qullash chog`ida o`zining tegishli harakatlar rejasini taqdim etadi.

Vazirlar Mahkamasining a`zosi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o`z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Ettinchi, Senat va Qonunchilik palatasining qo`shma majlislarida Prezident mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining muhim masalalari yuzasidan nutq so`zlashi mumkin. 

Xususan, yaqin kunlarda Prezidentning yangi shakllantirilgan Parlamentga an`anaviy murojaatnomasi kutilmoqda.

Shuningdek, qo`shma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo`ljallangan harakat dasturi eshitiladi.

    Boshqa yangiliklar